Konyada qahramonlik ko‘rsatgan sportchilar tantanali ravishda kutib olindi
Sport
−
20 avgust 2022
11324Kecha, 19 avgust kuni Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sportchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Salim Abduvaliyev, jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim avvalida, Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning sportchi yigit-qizlarga yo‘llagan tabriknomasini va “Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularning murabbiylarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, Islom birdamligi o‘yinlaridagi tarixiy g‘alaba O‘zbekiston Prezidentining sportga bo‘lgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining mevasi ekanligini aytdi.
“Islom birdamligi o‘yinlarida ikkinchi o‘rinni olish bu juda ham katta g‘alaba. Hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek, yurtini sevadigan, xalqiga, vataniga sadoqat bilan yashaydigan sportchilargina g‘alabaga erisha oladi. Albatta, sizlarning g‘alabangiz O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi uchun mustaqillikning 31 yillik bayramiga ajoyib tuhfa bo‘ldi. Bu g‘alabaga osonlikcha erishilgani yo‘q. Aytib o‘tishim kerakki, oxirgi 6 yil davomida hurmatli Prezidentimizning sportga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rliklari va yaratib bergan sharoitlari natijasida eng muhim kompleks musobaqalardan biri bo‘lmish Islom birdamlik o‘yinlarida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritildi” dedi Aripov.
Shuningdek, hukumat rahbari Islom birdamligi o‘yinlaridagi g‘alabalar Parij-2024 Olimpiadasi oldidan tashlangan yaxshi qadamlar bo‘lganini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, sportchilardan dzyudo bo‘yicha musobaqa g‘olibi Muzaffar To‘raboyev hamda yengil atletika bahslarida chempion bo‘lgan Sharifa Davronova, murabbiylar nomidan og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev so‘zga chiqdi. Ular ushbu g‘alabalar zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyev va davlatning sportga qaratayotgan e’tibori turgani haqida to‘xtalib, kelgusida ham bildirilgan ishonchni oqlagan holda, xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga va’da berishdi.
Ma’lumot uchun, Islom birdamligi o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Yakunda umumiy hisobda 158 ta medal jamg‘argan O‘zbekiston delegatsiyasi jadvalda ikkinchi pog‘onani band etdi.
LiveBarchasi