Komilov O‘zbekistonning bo‘lajak qadamlari va Afg‘onistonning kelajagi haqida gapirdi

Jamiyat

image

O‘tgan 5 yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari uchun chegaralarini ochgan O‘zbekiston endilikda mintaqa mamlakatlari bilan har tomonlama mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu o‘rinda Afg‘oniston ham Markaziy Osiyoning bir qismi bo‘lishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “ThisisAmericaTV” loyihasi uchun bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Amerikalik teleboshlovchi Dennis Vuleyning “O‘zbekiston chegaralarni ochdi, mamlakatning keyingi qadami nima bo‘ladi?”, degan savoliga O‘zbekiston TIV rahbari quyidagicha javob berdi: 

“Biz chegaralarni ochdik. Keyingi qadam — barcha qo‘shni davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bo‘yicha hamkorligimizni kuchaytirish. Bundan tashqari, xaligacha yechim topmagan [mintaqa] muammolari rejamizdan o‘rin olgan. Shu sabab biz qo‘shnilar bilan muzokaralarni davom ettiramiz, lekin endi ular o‘zaro ishonch, o‘zaro tushunish va do‘stlikka asoslangan bo‘ladi”.

Dennis Vuley Komilovning mintaqada saqlanib qolayotgan muammolarga to‘xtalganiga e’tibor qaratib, “Tolibon” to‘g‘risida so‘z ochdi. U AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etayotganini eslab o‘tib, diplomatdan nimalarni his qilayotganini so‘radi.

“Birinchi navbatda bilishimiz kerakki, ushbu masalaga qurolli yechim yo‘q. Ikkinchi eng muhim narsa, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi bo‘lishi kerak, bir yaxlit umumiy mintaqa sifatida. Uchinchidan, Afg‘oniston tinchlik jarayoniga nisbatan yakdil bir xalqaro va mintaqaviy yondashuv bo‘lishi juda muhim. Shu sababli biz Doha va boshqa joylarda o‘tkazilgan barcha turdagi muzokaralar jarayonini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Komilov.

Tashqi ishlar vaziri so‘zida davom etar ekan, birinchi bo‘lib O‘zbekiston “Tolibon” rahbariyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatganini qayd etgan.

“[Toliblar bilan aloqa o‘rnatilganidan so‘ng] dastlab, “Tolibon”ni tan olgan sifatida biz tanqidga uchradik. Savol shundan iboratki, [xorijiy davlatlar qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan so‘ng] mamlakatda qanday siyosiy tuzum bo‘ladi? Albatta, biz ushbu davlatning 90-yillardagi holatini qabul qila olmaymiz — Afg‘oniston Islom Amirligi (1996-2001). Shu o‘rinda o‘ylaymizki, ushbu muammo mavjud hukumat va harbiy muxolifat (“Tolibon” nazarda tutilgan — tahr.) o‘rtasida o‘zaro murosaga kelish asosida hal qilinishi kerak.

Bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, [Afg‘onistondagi siyosiy tuzumda] albatta, muhim Islom qoidalari bo‘lishi kerak va bu, albatta Islom davlati bo‘ladi. Chunki aholining katta qismi musulmonlardan iborat. Lekin shu o‘rinda o‘tgan 9 yil davomida erishilgan demokratik yutuqlarni, jumladan mavjud hukumat, saylovlar, qurolli kuchlar, xavfsizlik kuchlari, ayol va qizlarning haq-huquqlari hamda fuqarolik jamiyatini bee’tibor qoldirib bo‘lmaydi. Shu bilan birgalikda biz islomiy qadryatlarni hurmat qilimishiz kerak”, deydi Komilov.

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy Osiyo mintaqasiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston kiradi. Ba’zi manbalar ushbu mintaqaga Afg‘onistonni ham kiritgan.

Avvalroq Komilov O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda liderligi borasida fikr yuritib, mamlakat o‘z mas’ulyatini his qilishini, biroq mintaqada yetakchi rol o‘ynashni istamasligini ta’kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston TIV rahbari joriy yilning 27 iyun – 4 iyul kunlari amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing