Komilov Turkiy Kengashda Afg‘oniston bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon qildi 

Jamiyat

image

O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug‘dirmasligi kerak. Bu haqda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z nutqida bayon qildi.

Bugun, 27 sentyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda keng vakillik asosida Afg‘oniston hukumatini tuzish zarurligi, inson huquqlari, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqlariga rioya qilinishi muhokama qilindi. 

Komilov dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg‘onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsion jarayonlariga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, mojarodan keyingi Afg‘oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko‘rsatilishining davom etishi alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida Turkiy Kengashga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tuzish to‘g‘risidagi bitim 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan. Hozirgi vaqtda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkiya ushbu kengashning a’zolari hisoblanadi. Vengriya esa kengashda kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilotning bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan. Joriy yilning noyabr oyida davlat rahbarlari ishtirokida Kengashning navbatdagi sammiti o‘tkazilishi va Kengash maqomi o‘zgartirilishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

247

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing