Komilov Tojikistondagi konferensiyada qatnashdi. O‘zbekiston yana Afg‘oniston masalasini ko‘tardi

Jamiyat 2403
image

Bugun, 30 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Dushanbeda (Tojikiston) bo‘lib o‘tgan “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” muloqotining to‘qqizinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar berdi.

Anjumanda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani ham ishtirok etgan.

Forum doirasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tgan.

Tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov nutq so‘zlab, ushbu tadbir Forum kun tartibida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlagan.

“O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch, mustaqil va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘oniston zaminida tinchlik mustahkam bo‘lsa, bu butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik va farovonlik garovi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan do‘stona siyosat yuritmoqda”, deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.

Abdulaziz Komilov Afg‘oniston mojarosini siyosiy yo‘l bilan hal etishning muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan Afg‘onistondagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurishning muhim jihatlarini qayd etgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari forum ishtirokchilarini joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilgan.

Tadbir yakuni bo‘yicha vazirlarning to‘qqizinchi konferensiyasi deklaratsiyasi qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulaziz Komilov Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘aniga Shavkat Mirziyoyevning maktubini topshirgandi.

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 44
Reyting: 2.8
t
×