Komilov Afg‘oniston yakkalanib qolmasligi bo‘yicha taklif berdi 

Jamiyat

image
“Buyuk davlatlar Afg‘oniston uchun hech narsa qila olmadi”. Komilov Eron Prezidenti bilan north_east

“Buyuk davlatlar Afg‘oniston uchun hech narsa qila olmadi”. Komilov Eron Prezidenti bilan

Hozirgi zamonaviy bosqichda Afg‘onistonning xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ushbu mamlakatga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarur. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston bo‘yicha Tehrondagi uchrashuvda ma’lum qildi

Bugun, 27 oktyabr kuni Eronning poytaxti Tehron shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar TIV rahbarlari uchrashuvida Komilov nutq so‘zlab, Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik yuzaga kelganini ta’kidladi. 

“Afg‘onistonda to‘liq vakolatli hamda xalqaro e’tirofga ega bo‘lishga intilayotgan Muvaqqat hukumat tuzildi”, deydi u. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqa davlatlari, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlarning milliy manfaatlariga bevosita daxldor mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qoladi.

Ayniqsa, hozirgi zamonaviy bosqichda ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘onistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Xabarga ko‘ra, forum ishtirokchilari Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, birodar afg‘on xalqiga tezkor insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish masalasida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida, bugun, 27 oktyabr kuni Eron poytaxti Tehronda Afg‘oniston bo‘yicha ushbu mamlakatga qo‘shni bo‘lgan davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyatni rivojlantirish istiqbollari va inklyuziv hukumatni shakllantirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, gumanitar masalalar, og‘ir vaziyat munosabati bilan afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish ham kun tartibidan o‘rin olgan. Tadbirda Eron va O‘zbekistondan tashqari, yana Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

60

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing