“Buyuk davlatlar Afg‘oniston uchun hech narsa qila olmadi”. Komilov Eron Prezidenti bilan

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Eron o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega va rasmiy Toshkent bu salohiyatdan foydalanishga qat’iy qaror qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvda aytdi

Shuningdek, Eron Prezidenti bilan uchrashuvda Komilov bugun, 27 oktyabr kuni Tehronda bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishiga katta baho bergan.

“O‘zbekiston Eron Islom Respublikasining Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tashabbusini olqishlaydi. Buyuk davlatlar Afg‘oniston uchun hech narsa qila olmaganini hisobga olsak, Tehrondagi uchrashuv katta siyosiy ahamiyatga ega”, deydi Komilov.

O‘z navbatida, Eron Prezidenti mintaqadagi, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatdan ikki davlatning umumiy xavotiriga to‘xtalib, shunday dedi:

“Afg‘onistonda begonalarning, xususan, AQSHning bo‘lishi oqibati azob-uqubatlardan, o‘limlardan, qon to‘kishlardan, o‘t ochishdan, Afg‘onistonni orqaga tortishdan boshqa narsa emas edi. Biz afg‘on xalqiga tinchlik va xavfsizlikni tatib ko‘rishiga yordam berishimiz kerak”.

Oyatulloh Raisi Eronda to‘rt millionga yaqin afg‘onning borligi va Eronning bu jabrdiydalarga insonparvarlik yordamini berishda davom etayotganiga to‘xtalib, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida umumiy yechim va mushtarak qarashlar topilishiga umid bildirgan. 

Shuningdek, Ibrohim Raisiy Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarga ham to‘xtalib, uni qardoshlik va rivojlanib borayotgan munosabatlar sifatida baholagan. 

“Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston bilan turli siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda aloqalarni rivojlantirishda hech qanday cheklov ko‘rmayapti”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 27 oktyabr kuni Eron poytaxti Tehronda Afg‘oniston bo‘yicha ushbu mamlakatga qo‘shni bo‘lgan davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyatni rivojlantirish istiqbollari va inklyuziv hukumatni shakllantirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, gumanitar masalalar, og‘ir vaziyat munosabati bilan afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish ham kun tartibidan o‘rin olgan. Tadbirda Eron va O‘zbekistondan tashqari, yana Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

114

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing