Kolumbiya Prezidenti Isroil diplomatlarini mamlakatdan quvdi
Olam
−
03 Oktabr 3950 1 daqiqa
Isroil diplomatlari Kolumbiyadan chiqarib yuboriladi va ikki mamlakat o‘rtasidagi erkin savdo shartnomasi bekor qilinadi. Bunga xalqaro suvlarda “Global Sumud” flotiliyasining ushlab qolingani sabab bo‘ldi. Bu haqda kecha, 2 oktyabr kuni Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro ma’lum qildi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Isroil tomonidan hibsga olinganlar orasida ikki nafar kolumbiyalik ayol ham bor.
“Agar bu ma’lumot rost bo‘lsa, Netanyaxuning navbatdagi xalqaro jinoyati yuz berdi. Tashqi ishlar vazirligi barcha tegishli da’volarni, jumladan, Isroil sudiga ham kiritishi kerak. Men xalqaro advokatlarni kolumbiyalik yuristlarimiz bilan birga xizmat qilishga chaqiraman”, deydi Gustavo Petro.
“Global Sumud” flotiliyasi tashabbuskorlari 40 ga yaqin kema G‘azoga gumanitar yordam olib borishga chiqqanini, biroq Isroil harbiylari kemalarni to‘xtatganini ma’lum qilgan. Ularning orasida Greta Tunberg ham hibsga olingan.
Qayd etish joiz, Petro Falastinni faol qo‘llab-quvvatlaydi. U 2022 yil iyunida Kolumbiya Prezidenti etib saylangan. Petro mamlakat tarixida ilk chap qanot siyosatchisi sifatida Prezidentlikka kelgan. Sovuq urush davridan buyon esa Kolumbiyani asosan AQSHning asosiy ittifoqchilari bo‘lgan o‘ng kuchlar boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiylari xalqaro “Global Sumud” flotiliyasini hujum orqali to‘xtatib, missiya tarkibidagi oxirgi kemani noqonuniy ravishda egallagani haqida xabar berilgan edi.