Kogon shahrining yangi “to‘rtligi” tayinlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun, 3 mart kuni xalq deputatlari Kogon shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov Kogon shahri iqtisodiy salohiyati bilan viloyatda alohida o‘ringa egaligi, xususan, savdo, xizmat ko‘rsatish va sanoatga ixtisoslashgan hamda transport logistikasi uchun qulay tranzit hududlardan biri ekanligini ta’kidladi. Biroq so‘nggi yillarda sektorlar rahbarlari tomonidan shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ayniqsa, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish, infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilashga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligini qayd etdi.

Sessiya kun tartibida tashkiliy masala ko‘rildi. Botir Zaripov 2018 yildan beri Kogon shahriga rahbarlik qilib kelgan Hakim Hoshimovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi. 

Deputatlar tomonidan Kogon shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib Hayot Hasanovich Davlatov nomzodi tasdiqlandi.

Hayot Davlatov 1979 yilda Peshko‘ tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti-oliy. 1999 yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006 yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi-menejment, iqtisodchi. 

U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Shu vaqtga qadar Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ma’lumki, Kogon shahrining qolgan uchta sektor rahbarlari-shahar prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i ham lavozimidan ozod etilgan edi. Sessiyada ushbu lavozimlarga ham yangi rahbarlar tayinlanganligi ma’lum qilindi. 

Jumladan, Kogon shahar prokurori lavozimiga Sodiqjon Savriddinovich Jo‘rayev tayinlandi.

Sodiqjon Jo‘rayev — 1982 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 2004 yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan.  Mutaxassisligi — huquqshunos. Mazkur lavozimga Kogon tuman prokurorining o‘rinbosarligidan o‘tkazilgan. 

Kogon shahar IIB boshlig‘i lavozimiga Azizbek Jo‘rayevich Rajabov tayinlandi. 

Azizbek Rajabov — 1977 yilda Romitan tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 1999 yilda O‘Zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini, 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Oliy akademik kursini tamomlagan. Mutaxassisligi — huquqshunos. Podpolkovnik. Mazkur lavozimga Buxoro viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari-muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimidan o‘tkazilgan.

Kogon shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga Alisher Rustamovich Latipov tayinlandi.

Alisher Latipov — 1987 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 2008 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — sug‘urta ishi. Mazkur lavozimga Shofirkon tuman DSI boshlig‘ining o‘rinbosarligidan o‘tkazilgan. 

Shuningdek, sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan mahalliy kengash deputatlari va shahar faollarining fikr-mulohazalari eshitildi.

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Kogon shahri "to‘rtligi" faoliyatini tanqid qilib, viloyat hokimiga ularning ishda qolish yoki qolmasligini ko‘rib chiqish vazifasini bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing