KXDR josus sun’iy yo‘ldoshni yaratish doirasida sinovlarni boshladi
Olam
−
19 dekabr 2022
3079Shimoliy Koreya harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini yaratish doirasida sinovlar o‘tkazdi. Bu haqda davlat markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Agentlik mamlakat aerokosmik texnologiyalar qo‘mitasining vakiliga tayanib, sinovlardan maqsad “sun’iy yo‘ldoshdan suratga olish tizimlarining imkoniyatlarini baholash” ekanini qayd etgan.
Mutaxassislar qurilmaning kosmik sharoitda ishlashini, boshqaruv markaziga ma’lumotlarni uzatish imkoniyatini va boshqa parametrlarni tasdiqlagan. Pxenyan bortida sinov qurilmasi bo‘lgan raketani taxminan 500 km balandlikka uchirgan.
Rasmiyning aytishicha, Pxenyan 2023 yil apreligacha birinchi harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga tayyorgarlikni yakunlaydi.
Janubiy Koreyaning “Yonhap” agentligidan xabar qilinishicha, sinovlar Koreya Xalq Demokratik Respublikasi shimoli-g‘arbidagi Sohe poligonida bo‘lib o‘tgan. Koreya Milliy mudofaa universitetining sobiq professori Kvon Yon Suning so‘zlariga ko‘ra, raketa 2000 kmgacha masofani bosib o‘ta oladi, bu esa Yaponiyadagi asosiy nishonlarni, jumladan, AQSH harbiy ob’ektlarini nishonga olish uchun yetarli.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 dekabr kuni KXDR Yapon dengiziga ikkita ballistik raketa uchirdi. Raketa Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqariga tushgandi va bu Tokioning Pxenyanga nisbatan bir qancha noroziligini keltirib chiqardi.
LiveBarchasi