KXDR qo‘shnisining po‘pisasiga qaramay, ikkita ballistik raketa uchirdi

Olam

image

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi harbiylari Gangvon provinsiyasidan ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda bugun, 28 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalar Txonchxon okrugi hududidan mahalliy vaqt bilan 11:59 dan 12:18 gacha uchirilgan. Avvalroq Koreya Respublikasi shtab boshliqlari qo‘mitasi KXDR harbiylari Yapon dengizi tomon bitta ballistik raketani uchirgani haqida xabar bergan edi.

“Bizning Qurolli Kuchlarimiz Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin hamkorlikda to‘liq shay holatda”, deb ishontirgan qo‘mita.

Janubiy Koreya harbiylari hozircha raketa turi yoki uchirishning masofa, balandlik va parvoz tezligi kabi boshqa tafsilotlarini ma’lum qilgani yo‘q. Ushbu ma’lumotlar tahlil qilinyapti.

Uchirishlar Janubiy Koreyaning 17 oktyabrda boshlangan Xoguk mashqlarining so‘nggi kunida bo‘lib o‘tdi. Ushbu manevrlar doirasida Koreya Respublikasi Harbiy-dengiz kuchlari va dengiz piyodalari korpusi Yaponiya dengizi sohilidagi Pxoxan shahri yaqinida keng ko‘lamli amfibiya desant mashqlarini o‘tkazdi. 24 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Harbiy-dengiz kuchlari Sariq dengizda 20 ta kema ishtirokida keng ko‘lamli manevrlarni boshladi. KXDR matbuotida bu mashqlar tanqid qilingan edi.

Avvalroq Janubiy Koreya AQSH va Yaponiya bilan muzokara o‘tkazgach, KXDR yana ballistik raketa uchirsa mislsiz javob berilishini ma’lum qilgandi.

2022 yil boshidan buyon KXDR 28 ta raketa sinovini amalga oshirdi, uchta holatda qanotli raketalar, qolganlarida ballistik raketalar uchirildi. May oyida qasamyod qilgan amaldagi prezident Yun Sok Yol davrida Shimoliy Koreya 14 marta raketa uchirdi. Oxirgisi 14 oktyabrda bo‘lib o‘tdi, o‘shanda qisqa masofali ballistik raketa uchirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing