Kiyev yaqinida “Bayraktar” zavodi qurilishi boshlandi
Olam
−
07 fevral
4791Turkiyaning samolyot ishlab chiqaruvchi “Baykar Makina” kompaniyasi Kiyev yaqinida “Bayraktar TB2” yoki “TB3” dronlari ishlab chiqariladigan zavod qurilishini boshladi. Bu haqda kecha, 6 fevral kuni kompaniya bosh direktori Haluk Bayroqdorga tayanib, "Reuters" xabar berdi.
“Zavodimiz qurilmoqda... qurilishni yakunlash uchun bizga taxminan 12 oy vaqt kerak, keyin ichki jihozlar va tashkiliy tuzilmaga o‘tamiz”, degan Bayroqdor Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan “World Defence Show” ko‘rgazmasida.
Uning aytishicha, zavodda 500 nafargacha xodim ishlaydi va yiliga 120 tagacha uchuvchisiz samolyot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bosh direktordan Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida zavod qurilishi xavfsizligi haqida ham so‘ralgan. Bunga Bayroqdor rejalar to‘liq olg‘a ketayotganini va hech narsa ularni to‘xtata olmasligini aytgan.
Turkiyaning “Baykar Makina” kompaniyasi daromad o‘sishi bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. 2022 yilda “Baykar Makina”ning qurol daromadlari 94 foizga o‘sgandan so‘ng birinchi marta Yevropaning eng yaxshi 100 qurol ishlab chiqaruvchilari qatoriga kirdi. Kompaniya TB2 droni uchun 30 davlat bilan eksport shartnomalari tuzganini ma’lum qildi.
Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida Ukraina, Efiopiya, Liviya va Ozarbayjon bor.
Ma’lumot uchun, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2022 yilning 3 fevral kuni Kiyevga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida sakkizta davlatlararo hujjat, jumladan, Ukrainada “Bayraktar” dronlarini ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish zavodini qurish imkonini beradigan yuqori texnologiyalar, aviatsiya va kosmik sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. 2022 yilning 19 iyul kuni Ukraina hukumati Turkiya bilan kelishuvni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. 8 avgust kuni Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnar “Baykar Makina” Ukrainadan zavod qurish uchun yer sotib olganini aytdi.
“Bayraktar” droni
“Bayraktar TB2” – Turkiyaning “Baykar Makina” kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi droni. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.
Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankka qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.
Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.
LiveBarchasi