Kiyev va Samarqand o‘rtasida parvozlar yo‘lga qo‘yilganiga izoh berildi
Jamiyat
−
11 avgust 2021
5625Avvalroq Ukrainaning “Bees Airline” loukoster aviakompaniyasi Kiyev va Samarqand o‘rtasida parvozlarni yo‘lga qo‘ygani haqida kompaniya saytiga tayanib, xabar bergandik.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, Ukrainaning “Bees Airline” aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan murojaatlar bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, aviakompaniya tomonidan tarqatilgan xabarda mazkur yo‘nalishdagi qatnov qay tartibda (muntazam yoki charter) amalga oshirilishiga ham oydinlik kiritilmagan.
“Qolaversa, aviakompaniya tomonidan Kiyev-Samarqand-Kiyev yo‘nalishida bir martalik charter parvozlarni bajarishni tashkil etish yuzasidan ham “O‘zaviatsiya” agentligiga shu vaqtga qadar hech qanday so‘rov kelib tushmagan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Xabarga ko‘ra, xorijiy mamlakatlar aviakompaniyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik (charter) reyslarni amalga oshirish uchun vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining tegishli ruxsatnomasini olishi va ana shundan so‘ng, aviachiptalar sotuvini boshlashi lozim.
“Vakolatli organning charter qatnovini bajarish bo‘yicha tegishli ruxsatnomasi mavjud emasligi natijasida aviakompaniyalar tomonidan e’lon qilingan yo‘nalishdagi parvozning bekor qilinishi yo‘lovchilar orasida ijtimoiy keskinlikning vujudga kelishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xorijiy aviakompaniyalardan yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga qat’iy rioya etishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston va Ukraina aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida faqatgina “Toshkent – Kiyev” yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuv mavjud.
LiveBarchasi