Kiyev Rossiya bilan muzokara olib borishga qodir emas – Lavrov
Olam
−
07 aprel 2022
12956AQSH va uning ittifoqchilari Ukraina rahbariyatini jangovar harakatlarni davom ettirishga undamoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so‘z ochdi.
Lavrov Kiyev muzokara olib borishga qodir emasligi hamda erishilgan kelishuvlardan qochish orqali muzokaralarni cho‘zish va hatto unga putur yetkazishi mumkinligiga ishora qilgan.
“Biz Kiyev pozitsiyasini Vashington va uning ittifoqchilari nazorat qilayotgani, Prezident Zelenskiy esa jangovar harakatlarni davom ettirishga undayotganini ko‘ryapmiz”, deydi TIV rahbari.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya provokatsiyalarga qaramay, Ukraina bilan muzokara jarayonini davom ettiradi va kelishuv loyihasini ilgari suradi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukraina muzokaralarda yangi shartlar qo‘yishini istisno etmaydi, biroq Moskva ularni qabul qilmaydi.
"Albatta, keyingi bosqichda Ukraina tomoni qo‘shinlarni olib chiqishni so‘raydi va yangi shartlarni qo‘yadi. Bu reja tushunarli, ammo qabul qilib bo‘lmaydi", deya ta’kidlagan TIV rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
LiveBarchasi