Kirkorov Rossiyadagi boykotdan so‘ng AQSHga ketdi

Madaniyat-san’at

image

Rossiyalik taniqli qo‘shiqchi Filipp Kirkorov bloger Nastya Ivleyevaning "yalang‘och" bazmida ishtirok etgani sababli unga qo‘yilgan cheklovlardan so‘ng, mamlakatni tark etdi. Bu haqda “News.ru” nashri xabar berdi. 

Gap shundaki, Ivleyevaning bazmidan so‘ng kechada ishtirok etgan bir qator yulduzlar bilan reklama shartnomalari to‘xtatildi, konsertlar bekor qilindi, yulduzlar televideniye shoularidan chetlatildi. Qatnashchilar orasida Filipp Kirkorov, Dmitriy Bilan, Lolita Milyavskaya, Glyukoza, Anna Asti ham bor edi. 

Xususan, Kirkorovning konsert dasturi bekor qilindi. Konsert tashkilotchilari va telekanal rahbarlari uni boykot qildi. Shuningdek, xonanda 25 fevral kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan "Oltin grammofon" konsertining afishalaridan olib tashlandi. Kirkorovning Yangi yil dasturlaridagi allaqachon ijro etgan rollari ham kesib tashlandi.  Uni xalq artisti unvonidan mahrum qilish masalasi ham ko‘tarildi

Ushbu cheklovlardan so‘ng, Kirkorov AQSHga uchib ketdi. U dastlab qo‘shiqchi Madonnaning Nyu-Yorkdagi konsertiga tashrif buyurdi. Xonandaga ushbu safarda do‘sti, rejissyor Maksim Sitnik hamrohlik qilmoqda. U yulduz bilan Amerikadan olingan kadrlarni ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishmoqda. 

Rossiyalik realiti-shou yulduzi Rustam Solnsevning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shiqchi chet eldagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun AQSHga borgan. Gap qo‘shiqchining Mayamidagi villasi haqida bormoqda. 

Rossiyalik yana bir yulduz Sergey Lavrov esa xonandaning san’atdan chetlashishi 2 yilgacha cho‘zilishi mumkinligini aytdi. U hukumat qarorini yumshatishiga hamda Kirkorov bir kun kelib mamlakatga kassa konsertlari bilan qaytishiga umid bildirdi. 

“Menimcha, odamlar undan biroz charchagan. Agar u ikki yil davomida ko‘rinish bermasa, undan ham ko‘proq pul ishlab oladi”, degan Lavrov.

Shuningdek, uning fikricha, Filippning qaytishi baland, yorqin va maftunkor bo‘ladi. Bunday mashhur san’atkor uchun sahnasiz ikki yil unchalik uzoq muddat emas.

Eslatib o‘tamiz, Filipp Kirkorov rossiyalik teleboshlovchi, kinoaktrisa va videobloger Nastya Ivleyeva tomonidan tashkil qilingan mashhurlarning "yalang‘och" bazmiga borib, xato qilganini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya kontsert Filipp Kirkorov "yalang'och" bazm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing