Kim Ukrainaga 100 ming askar yuborishi mumkin – OAV
Olam
−
27 avgust 2025 11096 3 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun 100 minggacha askar yuborishi mumkin. Bu haqda “Daily Star” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR harbiylar frontga yetib borish uchun “saf tortgani”ni da’vo qilmoqda. Shimoliy Koreyadan bo‘linmalar avvalroq Kursk viloyatidagi operatsiyalarda ishtirok etgan va ular buni “muvaffaqiyatli” deb atagan.
Janubiy Koreya razvedkasi Shimoliy Koreyaning 100 mingdan ortiq fuqarosi istalgan vaqtda Ukrainaga borishga tayyorligini bildirdi. Kremlparast harbiy ekspert Andrey Klinsevichning ta’kidlashicha, Pxenyan jarayonlarni sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin.
Yana bir harbiy tahlilchi Temur Sirtlanovning aytishicha, Shimoliy Koreya qo‘shinlari hozircha faqat Rossiya hududida harakat qila oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda ular chegara hududlar – Kursk, Belgorod yoki Bryanskdagi chegaralarni qo‘riqlash uchun ishlatilishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Moskva va Pxenyan hamkorlikni faol rivojlantira boshladi. 2025 yil aprelida avvaliga Rossiya, keyin esa KXDR harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida Ukraina Qurolli kuchlari bilan janglarda ishtirok etishini oshkora tasdiqladi.
O‘shanda Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiya Federatsiyasiga kamida 11 ming askar yuborgan, ulardan 4 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan yoki yaralangan. Bundan tashqari, Janubiy Koreya va bir qator G‘arb davlatlari razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga artilleriya snaryadlari va raketalarini yetkazib beradi, Moskva Ukrainaga hujum qilish uchun ulardan foydalanadi. Buning evaziga Pxenyan, ehtimol, Rossiya Federatsiyasidan texnik maslahatlar oladi, jumladan sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha.
2024 yilning 19 iyun kuni Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida mamlakatlar strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra, ulardan biriga hujum qilingan taqdirda bir-biriga harbiy yordam ko‘rsatishga va’da bergan edi.
2025 yilning 12 iyul kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Shimoliy Koreyaning Vonsan shahrida KXDR Tashqi ishlar vaziri Choy Son Xi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha bayonot berdi, undan xulosa qilish mumkinki, Moskva KXDR qo‘shinlarini Ukraina hududiga yuborishga ruxsat beradi.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In joriy yilning 20 avgust kuni Rossiyaning Kursk viloyatida Ukraina qurolli kuchlariga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashgan va davlat mukofotlarini olish uchun uyiga qaytgan “Koreya xalq armiyasining xorijdagi operativ kuchlarining yetakchi qo‘mondonlari”ni qabul qilgandi. Unda Kim “Eng sodiq afsonaviy harbiy jasoratlari bilan vatan ishonchini oqlagan Kursk viloyatini ozod qilish operatsiyasida bo‘linmalarning barcha qo‘mondonlari va jangchilariga samimiy harbiy salomlar yetkazishni so‘ragan”. Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, KXDR armiyasining Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotlari “dunyodagi eng kuchlisi sifatida uning nomi va shuhratini ta’minladi va g‘alabaga olib keldi”. 22 avgust kuni Kim Chen In Kursk viloyatida harbiy amaliyotlarda qatnashgan Shimoliy Koreya xalq armiyasi askar va qo‘mondonlarini mukofotlash marosimida ishtirok etdi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025