Kim Ukrainada vafot etgan askarlarini xotirladi
Olam
−
01 iyul 6023 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga qarshi urushda halok bo‘lgan KXDR harbiy xizmatchilarini xotirladi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu marosim bilan birga Sharqiy Pxenyanda gala-konsert ham o‘tkazilgan. Bu tadbir Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida imzolangan harbiy hamkorlik shartnomasining yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan.
Konsert davomida Kursk viloyatida topilgan va qonga belangan shimoliy koreyalik askarning daftaridan surat ham namoyish etilgan. Unda harbiy o‘z do‘stlarini “muqaddas jangda jasorat bilan kurashishga” chaqirgan. U o‘z yozuvlarida bu sevgini va ishonchni ularga “sevimli oliy bosh qo‘mondon” berganini qayd etgan.
Mazkur tadbirda Rossiyaning Madaniyat vaziri Olga Lyubimova ham ishtirok etgan. U 29 iyun kuni KXDRga tashrif buyurgan.
Kim Chen In u yerda jang qilgan har bir shimoliy koreyalikni qahramon deb atagan va ularning xotirasini abadiylashtirishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 19 iyunida Vladimir Putin Pxenyanga qilgan tashrifi chog‘ida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Ushbu bitimga ko‘ra, har ikki davlat boshqa davlat tomonidan qurolli hujumga uchragan taqdirda bir-biriga harbiy va boshqa shakllarda yordam ko‘rsatishga majbur.
2024 yilning kuzida KXDR harbiylari Rossiyaning Kursk viloyatiga yuborilgan va u yerda Ukraina armiyasiga qarshi jang qilgan. Dastlab Rossiya hukumati bu holatni inkor etgan bo‘lsa-da, 2025 yilning aprelida Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va shaxsan Prezident Vladimir Putin bu ishtirokni tasdiqladi. Pxenyanda esa bu operatsiya “g‘alabali yakunlangan” deb e’lon qilindi.
Live
Barchasi