Kim oladi-yo, shuginani-yo? – davlatning uchta yirik aktivi sotuvga qo‘yildi

Jamiyat

O‘zbekistondagi islohotlar faqatgina yangi binolar qurish bilan emas, balki mavjudlarini sotish bilan ham davom ettirilmoqda. Bir paytlar qurilgan va ayni damda foydalanilmayotgan inshootlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) tomonidan sotuvga qo‘yildi. Ularning ichida Toshkent viloyatidagi 3 ta yirik aktiv ham bor. Bular quyidagilar:

• “Beldirsoy” dam olish maskani;
• “Qizil suv sport-sog‘lomlashtirish maskani” MCHJ;
• “Sijjak” dam olish maskani.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi kecha, 16 aprel kuni mahalliy va xorijiy OAV va blogerlar uchun Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida ommaviy savdolarga chiqarilgan davlatning 3 ta yirik aktiviga press-tur tashkil qildi.

Ilk manzil Bo‘stonliq tumani Beldirsoy traktida joylashgan “Beldirsoy” oromgohi tog‘-chang‘i majmuasi bo‘ldi. Kompleks dengiz sathidan 1700 metr balandlikda, Tyan-Shan tizmasining etagida joylashgan. Ushbu chang‘i kurortida birinchi tibbiy yordam shoxobchasi, badminton korti, paintball hamda 2 ta tennis korti mavjud. “Beldirsoy” majmuasi faqatgina qish faslida ishlaydi.

Ekskursiyaning ikkinchi ob’ekti “Sijjak” oromgohi bo‘ldi. “Tyan-Shan marvaridi” deb nomlangan Sijjak kurort zonasi dengiz sathidan 959 metr balandlikda, Pskem daryosi vodiysining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 5,4 ga, bino va inshootlarning maydoni 5016,1 kv.m. Kompleks hududida mehmonxona, bir nechta suzish havzalari, amfiteatr, kottej, suv minorasi va boshqa inshootlar bor.

Tashkil etilgan ushbu press-turning so‘nggi manzili Qizil-Suv qishlog‘ida joylashgan “Qizil suv sport-sog‘lomlashtirish” majmuasi bo‘ldi. Ushbu majmuaning yer maydoni 5,9 gektar, bino va inshootlarning maydoni 2746,2 kvadrat metrdan iborat.

Sotuvga qo‘yilgan ushbu 3 ta yirik davlat aktivlarini sotish jarayoni maxsus tendr asosida bo‘lib o‘tadi. Ya’ni har bitta inshootning DABA tomonidan umumiy qiymati baholanib, boshlang‘ich narx e’lon qilinadi. Shundan so‘ng belgilangan majmuaga qiziqish bildirayotgan investorlar kim o‘zarga narxlarni oshirishlari mumkin. Eng yuqori mablag‘ taklif qilgan chet ellik yoki mahalliy investorgina ushbu aktivni sotib olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, agarda investorlar tomonidan boshlang‘ich narxga qaraganda pastroq mablag‘ taklif qilinsa, inshoot sotilmasligi ham mumkin. Bunday holatda tendr to‘xtatiladi hamda sotuvga chiqarish jarayoni qaytadan amalga oshiriladi. Taklif qilingan narxlar boshlang‘ich narxga nisbatan past bo‘lsa va belgilangan narxda biror investor sotib olish taklifini bildirmasa, DABA tomonidan maxsus chegirmalar e’lon qilinishi mumkin.

Mazkur ob’ektlar O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq xususiylashtirilmoqda. Sotuvga qo‘yilgan ushbu majmualar xususiylashtirilishi natijasida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada oshirish rejalashtirilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda Toshkent viloyatidagi jami 80 ta ob’ektni “E-Ijro Auksion” orqali sotish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 38 ta majmua sotib bo‘lindi. Shundan 10 tasi xarid qiymatida, 28 tasi esa investetsiya kiritish majburiyati bilan sotildi.
 

 

Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati Davlat aktivlari Beldirsoy “Sijjak”

Baholaganlar

125

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing