Kim Chen In Janubiy Koreyani butunlay yo‘q qilish bilan tahdid qildi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasining to‘qqizinchi s’ezdi yakuniga bag‘ishlangan harbiy paradda Janubiy Koreya bilan muloqot qilishni xohlamasligini va zarur bo‘lsa, qo‘shnisini butunlay yo‘q qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “Yonhap News Agency” xabar berdi.

Shuningdek, paradda AQSH bilan munosabatlar yaxshilanishi uchun Vashington Pxenyanga nisbatan “dushmanlik siyosati”dan voz kechishi kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSH Shimoliy Koreyaning Konstitutsiyada belgilangan maqomini hurmat qilsa va adovatli siyosatini to‘xtatsa, ikki davlat o‘rtasida do‘stona munosabatlar shakllanishi mumkin. 

Kim Chen In yordamchilariga mamlakatning yadroviy salohiyatini yanada mustahkamlash, yangi qurol tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan. U suv ostidan uchiriladigan qit’alararo ballistik raketalar, shuningdek, Janubiy Koreyani nishonga olishga qodir qisqa masofali raketalar va artilleriya tizimlarini kengaytirish rejalari haqida gapirgan.

Kimning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda yadroviy va raketa dasturlarining jadal rivojlanishi Shimoliy Koreyaning yadroviy davlat sifatidagi maqomini yanada mustahkamlagan. U yadroviy qurollarni mamlakat xavfsizligining “kafolati” deb atagan.

Shimoliy Koreya OAVlari tarqatgan suratlarda Kim Chen In qizi Kim Jchu E bilan birga minbarda turgani aks etgan. Bu esa Kim qizining paradda ishtirok etishi uning ehtimoliy voris sifatida tayyorlanayotgani haqidagi taxminlarni yana kuchaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘zining kichik qizi Kim Chju Eni mamlakat Raketa ma’muriyatida rahbarlik lavozimiga tayinlagani xabar qilingandi. Ushbu ma’muriyat Pxenyanning yadroviy va ballistik raketa dasturlarini nazorat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kim Chen In Janubiy Koreya Shimoliy Koreya Kim Jchu E

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing