Kim Chen In yoshlarni Ukrainadagi urushga tayyorlanishga chaqirdi
Olam
−
04 may 3018 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In s’ezd davomida yoshlarni Koreya Mehnat partiyasi vazifalarini bajarishda asosiy kuch deb atadi va ularni Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida turib jang qilishga targ‘ib qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Pxenyanda Sotsialistik vatanparvar yoshlar ligasining o‘n birinchi s’ezdi bo‘lib o‘tgan. Shimoliy Koreyada bunday tadbir har besh yilda bir marta 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar uchun o‘tkaziladi. Tadbir shu hafta ommaviy mitinglar, mash’alali yurishlar va tantanali konsert bilan yakunlangan.
Kim Chen In o‘z nutqida yoshlar o‘rtasida “tashkilotchilik va mafkuraviy intizomni kuchaytirish”ga chaqirgan hamda yoshlar ligasi hukmron partiya qarorlarini ijro etishda muhim kuch ekanini ta’kidlagan.
“Reuters” yozishicha, Mehnat partiyasi yoshlarning sodiqligini Pxenyanning Ukrainadagi urushda ishtirok etishi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lagan. Kongress ishtirokchilariga yo‘llangan maktubda xorijdagi operatsiyalarga yuborilgan yosh askarlar mamlakat sharafini himoya qilish uchun “bomba va alangaga aylangani” aytilgan.
Janubiy Koreya, Ukraina va G‘arb rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Kursk viloyatidagi Rossiya kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 14 mingga yaqin harbiy yuborgan. Shuningdek, ularning 6 ming nafardan ortig‘i halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi da’vo qilinmoqda.
O‘tgan oyda Pxenyanda halok bo‘lgan askarlar sharafiga yodgorlik ochildi. Mafkuraviy nazorat kuchayayotgan bir paytda, KXDR rasmiylari xorijiy madaniyat, xususan, Janubiy Koreya musiqasi, filmlari va slenglari ta’sirini ham qattiq cheklamoqda.
Eslatib o‘tamiz, KXDR harbiylari Rossiyaga yuborilayotgani haqidagi ilk xabarlar 2024 yil oktyabr oyida paydo bo‘lgan edi. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda 1500 ga yaqin shimoliy koreyalik askarning ko‘chirilishi qayd etilgan va keyinchalik ular Kursk viloyatidagi jangovar harakatlarga jalb qilingan.
Shuningdek, shimoliy koreyalik yollanma askarlar Rossiyaning Kursk viloyati hududidan turib dronlarni boshqarish va Ukraina pozitsiyalariga beriladigan zarbalarni yo‘naltirish orqali Sumi viloyatida ruslarga yordam berayotgani xabar qilingan.
Yaqinda KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘z harbiylarini Ukrainaga qarshi urushda “o‘zini portlatish” jasorati uchun ommaviy ravishda maqtagan edi.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Kursk viloyatida Ukraina qo‘shinlariga qarshi janglarda 6 ming kishini yo‘qotgan. Bu Shimoliy Koreya ushbu mintaqaga yuborgan taxminan 11 ming harbiyning yarmidan ko‘pini tashkil etadi.
Live
Barchasi