Kim Chen In Shimoliy Koreyada ahvol o‘ta og‘irligini tan oldi
Olam
−
07 aprel 2021
25990Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) yetakchisi Kim Chen In mamlakatdagi vaziyat har qachongidan ham yomonroq ekanini tan oldi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning “Markaziy telegraf” agentligi xabar bermoqda.
Kim Chen In hukmron Ishchilar partiyasi konferensiyasida so‘zga chiqib, mamlakat “misli ko‘rilmagan, eng og‘ir” qiyinchiliklarga duch kelganini ta’kidlagan.
Shimoliy Koreya rahbari partiyaning quyi sinflarini aniqlanmagan “kamchiliklar” uchun tanqid qilgan va partiya barqaror hamda sog‘lom rivojlanishi uchun xatolarlarni zudlik bilan tuzatishga chaqirgan. KXDRdagi partiya tarkibiga 5 dan 30 nafargacha odam kiradi. Ular fabrika va boshqa joylarda ish jarayonini nazorat qiluvchi partiyaning eng kichik bo‘linmalari hisoblanadi.
“Associated press” ekspertlarining fikricha, pandemiyaning Shimoliy Koreya iqtisodiyotiga ta’siri, shusiz ham o‘nlab yillar davomida noto‘g‘ri boshqaruvdan aziyat chekayotgan iqtisodiyot va AQSH sanksiyalari KXDR rahbarini faoliyati davomidagi eng qiyin ahvolga solib qo‘ygan.
Joriy yilning fevral oyida Kim Chen In o‘z mahkamasini iqtisodiy tanazzullar uchun tanqid qilib, mamlakat iqtisodiyotini saqlab qolish uchun yangi g‘oyalari yo‘qligi sabab bosh iqtisodchini ishdan bo‘shatgandi.
Tahlilchilar Shimoliy Koreya iqtisodiyotini chindan ham jonlantirish uchun mamlakat fabrikalariga zamonaviy uskunalar va texnologiyalar kiritish, shuningdek ko‘proq oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish yoki fermer xo‘jaliklari mahsuldorligini oshirish kerakligini ta’kidlamoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda KXDR aholisining 40 foizi oziq-ovqatga muhtoj yashagan.
LiveBarchasi