Kim Chen In armiyasining otishmalarini kuzatdi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya Xalq Demokratik Respublikasi armiyasining artilleriya o‘q otish mashg‘ulotlarini kuzatdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u Koreya Xalq armiyasi tarkibidagi yirik bo‘linmalar o‘rtasida o‘tkazilgan minomyot ekipajlari musobaqasida ishtirok etgan.

Mashg‘ulotlarda harbiylar tabiiy va sun’iy to‘siqlardan tez o‘tish, tezkor joylashish, shartli nishonlarni yo‘q qilish, shuningdek yashirinish va taktik rejaga muvofiq chekinish ko‘nikmalarini namoyish etgan.

Tadbirda mamlakat harbiy rahbariyatining yuqori lavozimli vakillari, jumladan Mudofaa vaziri No Gvan Chxol va bosh shtab rahbari Li Yon Gil ham qatnashgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, harbiylar minomyot bo‘linmalarining jangovar samaradorligi va to‘liq jangovar shayligini namoyish etgan. Kim Chen In musobaqa natijalaridan mamnunligini bildirgan, harbiylarga minnatdorlik izhor etgan hamda armiyada jangovar tayyorgarlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u kelgusida harbiy bo‘linmalar o‘rtasida yanada raqobatbardosh va intensiv musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni 11-korpusga qarashli bo‘linma, ikkinchi o‘rinni 2-korpus, uchinchi o‘rinni esa 91-korpus egallagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR Raketasozlik bosh boshqarmasi “yer-yer” sinfiga kiruvchi modifikatsiyalangan “Xvasonpxo-11ra” taktik ballistik raketalarini sinovdan o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing