Xususiy “zapravkalar” egalari “O‘zbekneftgaz” monopoliyasidan “dod” deyapti

Jamiyat

Joriy yilning 17-18 avgust kunlari Toshkent shahrida "Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi" doirasida bir qator panel munozaralar bo‘lib o‘tdi. 

Unda xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish masalasi ko‘rib chiqilib, tadbirkorlarning muammolariga quloq tutildi. Ochiq muloqotga kelgan uzoq yillardan buyon avtomobillarga yoqilg‘i quyish xizmati faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mustaqil tadbirkorlar “O‘zbekneftgaz” ustidan shikoyat qildi.

Toshkent viloyatida esa 2 ta, Toshkent shahri bo‘yicha 11 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga egalik qiluvchi “Mustang” MCHJ ta’sischisi Komil Islomovning aytishicha, O‘zbekistonda benzin sotish bo‘yicha monopol tashkilotning borligi va bozorda u bilan xususiy tashkilotlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatning yo‘qligi qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

“O‘zbekistonda ikki xil bozor bor. Monopolistlar uchun birjada alohida “Forvard kontrakt” bor va ikkinchisi xususiy tadbirkorlar uchun. “O‘zbekneftgaz” uchun arzon narx va boshqa “zapravkalar” uchun qimmat narx. Bu bozor qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi, lekin, monopolist bo‘lgani uchun bular qo‘llayveradi”.

Shuningdek, Komil Islomov so‘nggi paytlarda Rossiyadan benzin sotib olishda o‘zbek tadbirkorlari duch kelayotgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, muammo Rossiyada emas – O‘zbekistonda!

“Rossiyadan benzin olyapmiz. Lekin O‘zbekistonga kelgandan keyin transport harajatlari tarifi juda ham baland, ya’ni Sariyog‘ochdan to Toshkentgacha taxminan 100 km bo‘lsa, biz har bir tonna benzin uchun 220 ming so‘mdan to‘laymiz. Bu qimmat narx va buning natijasida biz ham benzin narxini ko‘tarishga majbur bo‘lamiz”.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida O‘zbekistonga  Rossiyadan 48,8 mln litr, Turkmanistondan esa 11,7 mln litr avtomobil benzini import qilingan. Ammo Turkmanistondan ham benzin olishda muammolar yo‘q emas. 

“Turkamnistondan olingan benzin Buxoroga tushirilyapti. Buxorodan mashinada olib kelgan taqdirimizda ham bir litr benzin [xarajati] bizga taxminan 200 so‘mga tushsa, vagon bilan olib kelish 240 so‘mga tushyapti. Lekin, aslida vagon bilan yuk tashish mashinaga nisbatan doim arzon bo‘lishi kerak. Bizda monopol tashkilot bo‘lgani uchun ular xohlagan narxini qo‘yib olgan”, deydi tadbirkor. 

Tadbirkorning murojaatiga javoban mas’ullar bu masalani Transport vazirligi  hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 563 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, 60,6 mln litr benzin import qilingan. Biroq haligacha O‘zbekistondagi benzin narxi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng qimmatligicha qolmoqda. Benzinning bugungi kundagi o‘rtacha narxi  mamlakatda 10 ming 200 so‘m.

Butun dunyo bo‘ylab energiyaning, tabiiy gaz va yoqilg‘ining chakana narxlarini e’lon qilib boruvchi “Global Petrol Prices” saytining eng so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda benzin narxi atigi 207 tenge. O‘zbek so‘mi bilan hisoblanganda 4 ming 788 so‘m. Turkmanistonda 1,5 manat, ya’ni 4 ming 675 so‘m. Qirg‘izistonda 65 som va bu o‘zbek so‘mida 8 ming 765 so‘mga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mamlakatimizdagi narx ayni paytda sanksiyalar bosimi ostida qolayotgan Rossiyadagi narx (51,6 rubl) – 9 ming 600 so‘mdan ham balanddir. 

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

372

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing