Xususiy tashkilotlarga G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga ruxsat berildi
Olam
−
07 avgust 3952 2 daqiqa
Isroil G‘azo sektoriga xususiy tashkilotlar tomonidan gumanitar yordam yetkazib berishga ruxsat berdi. Bu haqda joriy yilning 5 avgust kuni Isroil Mudofaa vazirligining Falastin hududlaridagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Koordinator idorasi (COGAT) xabar berdi.
COGAT bayonotiga ko‘ra, xususiy sektor tomonidan mahsulotlar olib kirilishini bosqichma-bosqich va nazorat ostida tiklash imkonini beruvchi tartib tasdiqlangan. Bu qarorning asosiy maqsadi G‘azo sektoriga yetkazilayotgan gumanitar yordam hajmini oshirish va shu bilan birga BMT hamda xalqaro tashkilotlardan bo‘lgan yordamga qaramlikni kamaytirish.
“Ushbu choralar Binyamin Netanyaxu hukumati tomonidan qabul qilingan qarorga asoslangan bo‘lib, Isroil xavfsizlik organlari bilan kelishilgan tarzda amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha ravishda olib kirishga ruxsat berilgan tovarlar tarkibiga birlamchi ehtiyojdagi mahsulotlar, bolalar uchun oziq-ovqat, meva-sabzavotlar va gigiyena vositalari kiradi. Ushbu yuklar G‘azo sektoriga kirishidan oldin Isroil Mudofaa vazirligining tegishli idoralari tomonidan qat’iy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, olib kirilgan mahsulotlar uchun to‘lov faqatgina Isroil tomoni nazorati ostidagi bank o‘tkazmalari orqali amalga oshiriladi.
Qayd etish joiz, joriy yilning may oyi oxiridan boshlab G‘azo sektorida yordam taqsimotini AQSH va Isroil tomonidan tashkil etilgan G‘azo gumanitar yordam fondi (Gaza Humanitarian Foundation – GHF) amalga oshirmoqda. Isroil rasmiylarining iddao qilishicha, bu yangi tizim HAMASning gumanitar yordamni o‘zlashtirib olish va uning yordamida G‘azo aholisi ustidan nazorat o‘rnatish imkoniyatini yo‘q qilish maqsadida joriy etilgan.
Biroq BMT GHF bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi. BMT vakillari fondni siyosiylashtirilgan deb atab, uning na tajribasi, na yordamni samarali taqsimlash uchun zarur infratuzilmasi borligini qayd etdi. Isroil yordamni to‘sib qo‘yishda va G‘azoda ocharchilikni yuzaga keltirishda ayblanganiga javoban, bu da’volarni inkor etib, “yordam sektor ichiga o‘tkazilmoqda, ammo u BMT tomonidan tarqatilmay, omborlarda qolmoqda”, deya bayonot berdi.
Joriy yilning iyul oyi oxiridan boshlab qator davlatlar G‘azo sektoriga havodan gumanitar yordam tashlashni boshladi. Biroq xalqaro gumanitar tashkilotlar bu chorani sektor aholisi ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas, deya baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyaning Qirollik harbiy-havo kuchlariga tegishli harbiy transport samolyoti ikki hafta davomida har kuni G‘azo sektori uzra 16 ta gumanitar yordam bloki tashlashi xabar qilingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr