Xususiy shifoxonalarga 2025 yilgacha soliq imtiyozi berildi
Jamiyat
−
18 mart 2022
4982Joriy yil 1 apreldan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025 yil 1 yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, xususiy klinikalardan tushgan ko‘plab murojaatlarda xorijdan olib kelinadigan tibbiyot uskunalari va buyumlari, ehtiyot va butlovchi qismlar, sarflov materiallariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish so‘ralgan.
Murojaatlarda, shuningdek, xususiy klinikalarga malakali mutaxassislarni jalb qilishda, O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasi uchun, 700 mingdan 40 million so‘mgacha to‘lov mavjudligi ko‘rsatilgan. Ushbu talab, hatto, qisqa muddatda yuqori texnologik operatsiyalar hamda shifokorlarga “master-klass” o‘tkazishga taklif etilgan mutaxassislarga ham qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, xususiy klinikalar mamlakatimizga tibbiy turizm orqali davolanishga kelgan xorijiy fuqarolar uchun, “turizm yig‘imi” to‘lashga majbur.
Ushbu muammolarga to‘g‘ri yechim topish uchun, 2022 yil 1 apreldan boshlab:
• xorijiy shifokorlarga O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasini berish bo‘yicha to‘lovlar miqdori keskin kamaytiriladi;
• xususiy klinikalardan “turizm yig‘imi” undirish bekor qilinadi.
Xususiy tibbiyot muassasalari uchun, litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablari tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
“Bir narsani aniq tushunish zarur. Tibbiyotda sog‘lom raqobat bo‘lsagina, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshadi, asosiysi, odamlarimiz rozi bo‘ladi. Shuning uchun, sohaga xususiy sektorni faol jalb qilish, ularga tizimning ajralmas qismi sifatida o‘ng ko‘z bilan qarash kerak.
Bunda xususiy tibbiyotni rivojlantirish uchun, faqat soliq va bojxona imtiyozlari, arzon kreditlar berishning o‘zi yetarli emas. Ularga davlat shifoxonalari bilan teng sharoitlarda ishlash uchun imkoniyat yaratish kerak. Bu muhim masalada sog‘liqni saqlash tizimi va hudud rahbarlari o‘z yondashuvlarini o‘zgartirishi zarur.
Ayting-chi, qaysi “oblzdrav” yoki “rayzdrav”, viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘z hududida yangi tibbiyot muassasasi qurish yoki yangi bir tibbiy jihoz olishdan avval, o‘sha yerdagi mavjud xususiy klinikalar imkoniyatini o‘rganib ko‘rgan? Afsuski, biron-bir hudud yoki sohada bunday tahlil ham, yondashuv ham yo‘q.
Shuning uchun davlat va xususiy tibbiy xizmatlarni yagona tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha, o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr