XTV,SSV hamda MTV tizimida 129 milliard so‘mlik kamomad aniqlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning yanvar – sentyabr oylarida Xalq ta’limi vazirligi tizimida 40,7 mlrd so‘m, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 22 mlrd so‘m, Maktabgacha ta’lim vazirligi 10,7 mlrd so‘mlik byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi hamda asossiz xarajatlar aniqlagan. Bu haqda bugun, 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z borgan. Deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yil 9 oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni muhokama qildilar

Majlisda deputatlar e’tiborni, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga qaratganlar. Xalq vakillari moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2020 yilning 9 oyi mobaynida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 129 milliard so‘m atrofida byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi hamda asossiz xarajatlar aniqlaganini salbiy baholadilar. Bunday holatlar hisobot davrida Xalq ta’limi vazirligi (389 ta holatda 40,7 mlrd so‘m), Sog‘liqni saqlash vazirligi (345 tada 22 mlrd so‘m), Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida (159 tada 10,7 mlrd so‘m) eng ko‘p aniqlangani tanqid ostiga olindi, mas’ullar bundan jiddiy xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidladilar.

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan bir qator tibbiy muassasalar faoliyati uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘larining sarflanishida aniqlangan 70,7 milliard so‘mlik xato va kamchiliklar, amaldagi qoidalarga rioya etmaslik holatlariga ham tanqidiy baho berilgan

Majlisda ta’kidlanishicha, joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga o‘sgan.

9 oylik Davlat byudjeti daromadlari qariyb 94,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, pandemiya sharoitlarini hisobga olgan holda aniqlashtirilgan prognoz ko‘rsatkichlari 102,9 foizga yoki 2 661 mlrd. so‘mga oshirib bajarilgan.

O‘tgan 9 oyda Davlat byudjetining xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarini hisobga olmagan holda 94,5 foizga ijro etilgan yoki byudjet xarajatlari YAIMga nisbatan 25,0 foizdan iborat bo‘lgan. Byudjet tashkilotlarining salkam 33,6 trillion so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda 7,1 trillion so‘mlik ish haqiga nisbatan ajratmalari o‘z muddatlarida to‘liq moliyalashtirib berilgan.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 53,6 trillion so‘mdan ortiq yoki umumiy xarajatlarning 52,5 foizi miqdoriga teng mablag‘ sarflangan. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 13,1 foizni tashkil etgan. Ularning 84 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 13,6 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 3,1 milliard so‘mga ko‘p.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlariga asosan tasdiqlangan sog‘liqni saqlash sohasiga doir Davlat dasturlari va markazlashgan tadbirlarga joriy yilning to‘qqiz oyi ichida 431 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, uning 98 foizi maqsadli o‘zlashtirilgan.

Global pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlash sohasiga tasdiqlangan byudjet mablag‘laridan tashqari “Inqirozga qarshi kurashish” jamg‘armasi hisobidan ham tegishli mablag‘lar yo‘naltirildi. Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jami 2 440,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan byudjetni shakllantirish va ijrosini ta’minlashda natijadorlik muhim ekani ta’kidlandi. Bu borada byudjet tizimida aniq chora-tadbirlar ko‘rila boshlangani e’tirof etildi. Shu bilan birgalikda, byudjet tizimida “Natijaga yo‘naltirilgan byudjet”ni shakllantirish va ijrosini ta’minlashda jiddiy o‘zgarishlar sezilmayotgani ham ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, Moliya hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga byudjet mablag‘larining natijadorligiga oid ma’lumotlarni ko‘proq yoritish masalasi qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing