XPQ Rossiya va Belarusni musobaqalardan chetlatdi

Sport

image

Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan iqtisod va bank-moliya tizimidan tashqari rus sportchilari ham aziyat chekishda davom etmoqda. Bu safar Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi. Tashkilot ushbu ikkita davlatga neytral maqomda musobaqalarda qatnashishga ruxsat bergandi, lekin bu qaror o‘zgartirildi.

IPC matbuot xizmati xabariga ko‘ra, aksariyat milliy qo‘mitalar, jamoalar va sportchilar ruslar va belaruslar bilan raqobat qilishdan bosh tortgan. Shuningdek, Olimpiya shaharchasida keskin vaziyat yuzaga kela boshlagani aytilgan. Shu sababli musobaqa xavf ostida qoldi. Bularning barchasini hisobga olgan holda Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi ruslar va belaruslarni musobaqalardan chetlatishga qaror qildi.

Bundan oldin, rossiyalik atletlar Tokio 2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari va Pekin 2022 qishki Olimpiya o‘yinlarida neytral maqomda ishtirok etgandi.

Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar 

Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi. 

Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.

Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

FIFA  hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.

Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.

Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

9

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing