Xorijiy davlatda yashash uchun ruxsatnoma olgan deputat va senatorlarning vakolatlari tugatiladi
Jamiyat
−
06 iyul
5031Xorijiy davlatda yashash uchun ruxsatnoma olgan deputat va senatorlarning vakolatlari tugatiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qonunga ko‘ra, deputat va senatorning vakolatlari muddatidan oldin tugatilish holatlari kengaytirilmoqda:
- deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda;
- tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir yil ichida 30 yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;
- chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;
- partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda.
Shuningdek, deputat, senator tomonidan odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda quyidagi choralar ko‘rilishi belgilanmoqda:
- ogohlantirish berish;
- uzr so‘rashni talab qilish;
- odob-axloq qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi faktini o‘qib eshittirish;
- deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish;
- deputatning, senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish.
- Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlariga nisbatan ham xuddi shu kabi choralar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator tegishli palata, o‘zi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat uchun bir kunlik ish haqi ushlab qolinadi.
Qonun 4 iyuldan kuchga kirdi.
LiveBarchasi