Xorij diplomi qanday holatlarda O‘zbekistonda tan olinmaydi?
Jamiyat
−
09 Sentabr 2021
19906O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirgan abituriyentlar, allaqachon, imtihon natijalarini bilib bo‘ldi. Kimdir talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa, yana kimgadir omad kulib boqmagan. Imtihondan o‘ta olmaganlar bunday vaziyatda chet elda o‘qishga oshiqadi. Biroq tanlangan xorijiy OTM bergan diplom O‘zbekistonda tan olinmaydigan holatlar ham uchraydi. Bunday vaziyatga tushmaslik uchun abituriyent nimalarga e’tibor qaratishi lozim?
Ushbu savolga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov javob berdi.
“Avvalo, tashkilotning oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, ya’ni litsenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qilish kerak. Keyingi eng muhim talab – ta’lim muassasasi tomonidan beriladigan diplom o‘zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog‘liq. Buning uchun esa oliy ta’lim muassasasi va uning ta’lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi zarur”, deydi Shavkat Xo‘jaqulov.
Ta’kidlanishicha, tanlangan oliy ta’lim muassasasining o‘qitish shakli va ta’lim dasturlariga ham e’tibor berish kerak.
“Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy ta’lim muassasasining o‘qitish shakli va ta’lim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganishi zarur. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi ta’lim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat etib belgilangan”, deydi u.
- Agar xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O‘zbekistondagiga qaraganda ta’lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun kam huquqlar berilgan;
- oliy ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa;
- bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo‘shib o‘qitiladigan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olganda umumiy o‘qish davri uch yildan kam bo‘lsa, bunday hollarda xorijiy oliy ta’lim muassasasi diplomi O‘zbekistonda tan olinmaydi.
LiveBarchasi