Xorazmdagi hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari Yevropaga yuboriladi
Jamiyat
−
02 may 7153 1 daqiqa
Xorazmning 13 ta tuman va shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari turizm va servis bo‘yicha ilg‘or tajribani, muhitni o‘rganish uchun Ispaniya, Italiya, Fransiya kabi davlatlarga yuboriladi. Bu haqda bugun, 2 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, keyinchalik bu tizim barcha turizmga ixtisoslashgan hududlarda joriy qilinadi.
Umuman, joriy yilda Xorazmda jami 200 million dollarlik 91 ta loyihani ishga tushirish; 2 million xorijiy va 10 million mahalliy sayyohni jalb qilib, turizm eksportini 700 million dollardan oshirish; turizm va xizmatlar sohasida 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri keladi. Lekin bu to‘liq ishga solinmayapti. O‘tgan yili faqat 1,3 million xorijiy turist kelgan va eksport 400 million dollarga ham yetmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ushbu yig‘ilishda Xorazmda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta to‘siq, bu – transport ekani qayd etilgandi. Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qo‘yilgani natija berdi. Lekin, reys yo‘qligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yo‘qotilyapti.
Live
Barchasi