Xorazmda gaz ta’minotiga qayta ulashni talab qilgan fuqaro qamaldi

3-sahifa

image

Joriy yilning 12 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda IIB xodimlari va bir guruh fuqarolar o‘rtasidagi nizoli xolat aks etgan videolavha tarqaldi. Xorazm viloyati IIB videolavha va unda aks xolatlar bugungi kunda mas’ul ichki ishlar organi xodimlari tomonidan batafsil o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Boshqarma xolat yuzasidan quyidagilarni dastlabki ma’lumot tariqasida ochiqlagan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalarda joylashgan xonadonlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan gaz tarmog‘idan ajratilib, suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan uzluksiz ravishda ta’minlab kelinmoqda.

“Shunday bo‘lsada, 2021 yil 18 avgust kuni Urganch tumanining “Obod” mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar o‘z xonadonlarini gaz tarmog‘iga qayta ulash haqidagi murojaatini yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini qasddan buzib, Urganch tumani hududidan o‘tgan 4R156 avtomobil yo‘lining qatnov qismiga chiqib, transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, qonunga xilof ravishda bildirishgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yish va avtomobil yo‘lida transport vositalarining xavfsiz harakatini ta’minlash maqsadida Urganch tumani IIB xodimlari va Hokimlik mutasaddilari hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan. Ammo shu yerda bo‘lgan fuqaro D.R. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, omma oldida IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat qilib, ularga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatgan.

Shundan keyin mazkur xolat Urganch tumani IIB tergov-tezkor guruhi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. D.R.ning xatti-harakatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, to‘plangan materiallar ma’muriy tartibda ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga yuborilgan.

Fuqaro D.R. 11 sentyabr kuni sud majlisiga kelmagach, shu kuni soat 17:40 da uni uyiga sud ajrimiga ko‘ra majburiy keltirishni ta’minlash uchun Urganch tumani IIB xodimlari yuborilgan.

“Ammo D.R. o‘zini spirtli ichimlik iste’mol qilganligini ro‘kach qilib, sudga bormasligini aytgan. Shuningdek, D.R. bu jarayonga qo‘shnilarining e’tiborini jalb qilib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmaslikka erishish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarishga qaratilgan soxta uydirmalarni bila turib tarqatishda davom etgan”, deyiladi IIB xabarida.

Kecha, 13 sentyabr kuni fuqaro D.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194, 195 va 201-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar alomatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Urganch tumani sudi binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tumani sudi tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan va u yuqoridagi moddalarda ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli, deb topilib, 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

243

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing