Xonto‘rayev yolg‘iz emas! YTHlar qaysi mashhurlarni oramizdan olib ketdi? 

Bu qiziq

image
Murod Xonto‘rayevning shogirdi “avariya” qanday bo‘lganini so‘zlab berdi north_east

Murod Xonto‘rayevning shogirdi “avariya” qanday bo‘lganini so‘zlab berdi

Deyarli har kuni ommaviy axborot vositalarida kimningdir yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘lgani haqida xabarlarga duch kelamiz. Axborot saytlarida bitta mashina butun bir oilaning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgani haqidagi xabarlarni o‘qib, yuragimiz orqaga tortib ketadi. Kuni kecha MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayevning yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etishi ham ko‘pchiligimizni yanada sergak torttirdi. 

Ko‘pincha, allaqachon oilamizga qalban qadrdon bo‘lishga ulgurgan, o‘zining mehnatlari bilan xalq orasida tanilgan va jamiyatda o‘z o‘rnini topgan mashhurlarning birgina avtohalokat tufayli umri zavol topayotganini eshitib, “dod” deymiz.  O‘tgan davrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, juda ko‘p “yulduz”larimizni avtohalokat oramizdan olib ketgan. Bugun QALAMPIR.UZ jamoasi mudhish avtohalokatlar oqibatida umri zavol topgan yulduzlarni xotirlaydi.

Muhriddin Xoliqov 

2001 yil 21 noyabr kuni Namanganning yo‘lida tirikligidayoq afsonaga aylanishga ulgurgan, bulbulzabon san’atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muhriddin Xoliqov avtohalokatga uchrab, bu dunyoni tark etdi. Xonandaning akasi Shahobbin Xoliqov bergan ma’lumotlarga qaraganda, bu voqea Ramazon oyining o‘rtalarida, xonanda dala hovlisiga ketayotganida sodir bo‘lgan.

4 farzandning otasi bo‘lgan o‘zbek san’atining “afsonasi” 2000 yil eng so‘nggi konsert dasturini xalqqa taqdim etgan. Marhum san’atkorning qo‘shiqlarini, ayniqsa, “Komila”, “Sumbula”, “Bu dunyo” va “Parizodim” hali hamon xalq orasida sevimli. “Uzatamiz” qo‘shig‘i jarang sochmagan to‘y yo‘q. 

Radius 21

2010 yil 12 sentyabr. Radius 21 nomi bilan mashhurlikka erishgan o‘zbek hip-hop reperi Shaxzod G‘ulomovni Piskent shahri postiga yaqin joyda yuz bergan mudhish avtohalokat bu dunyodan olib ketdi. O‘shanda u bor-yo‘g‘i 28 yoshda edi. YTHda xonandaning avtomobilda bo‘lgan va jarohat olgan yakka-yu yagona farzandi, 3 yarim oylik Beksulton ham otasining vafotidan bir kun o‘tib dunyodan ko‘z yumdi. 
14-15 yoshlaridan boshlab qo‘shiq yozishni va gitara chalishni boshlagan xonanda bolaligidan juda sho‘x, hazilkash va aqlli bo‘lgani aytiladi. U bir necha yillar davomida O‘zbekiston televideniyasining “TT+”, “Radius 21” ko‘rsatuvlarida boshlovchilik qilgan.

50 dan ortiq qo‘shiqlari bilan yoshlar orasida obro‘ qozongan xonandaning “Tungi kapalak”, “Unutolmadim”, “Notanish qiz”, “Shekspir monologi” kabi taronalari mashhur edi. 

Mo‘min Oripov

O‘zbek estrada xonandasi, aktyor, rejissyor, "Bojalar" guruhining solisti Mo‘min Oripov 2009 yil 28 iyun kuni xizmat safaridan qaytayotib, fojiali avtahalokat oqibatida vafot etdi. O‘shanda bu voqea san’at shinavandalari, xususan “Bojalar” guruhi muxlislarini esankiratib qo‘ygan edi. 

U odamlar orasida “Mo‘mintoy” nomi bilan sevimli bo‘lishga ulgurgandi. Muxlislar uning “Alo, yaxshi qiz”, “Boyvachcha”, “Sen kechir”, “Achchiq hayot” kabi qo‘shiqlarini hamon tinglab kelmoqda. Mo‘min Oripov “Boyvachcha”, “Nortoy”, “Achchiq hayot” singari filmlarda turli darajadagi rollarni ijro etgan. “Qalbaki dunyo” deb nomlangan filmga rejissyorlik ham qildi-yu ammo uni katta ekranga olib chiqish, muxlislar olqishini eshitish o‘ziga nasib etmadi. 

Farangiz Rejametova

Bolaligidanoq “Oyijon” filmidagi obrazi, bolalarga xos shirin tili bilan har bir xonadonga kirib borgan 25 yashar Farangiz Rejametovani 2018 yil 20 iyun kuni yuz bergan avtohalokat oramizdan olib ketdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametovaning qizi Farangiz poytaxt Toshkentdagi Ekopark yaqinida avtohalokatga uchradi. Dugonasining tug‘ilgan kunidan qaytayotgan Farangizni 23 yoshli yigit Mercedes Benz rusumli avtomashinasida urib ketgan. Og‘ir tan jarohati oqibatida Farangiz Rejametova vafot etgan. 

Gavhar Sharipova

Iste’dodli aktrisa Gavhar Sharipova 2019 yil 18 noyabrga o‘tar kechasi soat 02:20 larda dahshatli avtohalakot natijasida bu dunyoni tark etdi. Avtohalokatga haydovchi bilan kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida eshikdan sakragani sabab bo‘lgan. 29 yoshli haydovchi aktrisani avtomobildan tushib qolmoqchi ekanligini ko‘rgan bo‘lsa ham tezlikni pasaytirmagan. Oqibatda yana bir inson avtohalokat qurboni bo‘lgan.

Keyinchalik Isuzu yuk avtomobili haydovchisi aktrisaga shilqimlik qilgani, u esa yurib ketayotgan yuk mashinasidan o‘zini tashlagani ma’lum bo‘ldi.  

Marhum aktrisa kino olamida o‘zining bir qator takrorlanmas obrazlari bilan tomoshabinlar yodida qolgan. Xususan, “Alpomish” filmida Qaldirg‘och, “Aldangan ayol” filmida Mastura, “Opa-singillar” teleserialida Nafisa rollarini ijro etgan.

Murod Xonto‘rayev

Joriy yil 19 iyul kuni MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, o‘zbek xalqining sevimli farzandi Murod Xonto‘rayev mudhish avtohalokat tufayli bu dunyoni tark etdi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi yo‘lda ketayotgan sportchi BMW X5 mashinasida Lacetti bilan urilgan. To‘qnashuv natijasida Murod Xonto‘rayev boshqaruvidagi avtomobil yo‘l chetiga chiqib ketgan va bir necha bor ag‘darilgan. Rulda bo‘lgan sportchi og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.

Faoliyati davomida 15 ta jang o‘tkazib,12 ta g‘alabaga erishgan sportchi juda ko‘p yoshlarni qo‘llab-quvvatlagan, ko‘plab xayriya ishlarini amalga oshirgan.  

Hamid Olimjon

1944 yil 3 iyul kuni O‘zbek adabiyotining yorqin namoyondalaridan biri Hamid Olimjon 34 yoshida avtohalokat tufayli bu olamni tark etgan. 

1939 yil 27 aprelda O‘zbekiston yozuvchilarning ikkinchi quriltoyida respublika yozuvchilar uyushmasi boshlig‘ining kotibi qilib saylangan adib, shoira Zulfiyaxonimning turmush o‘rtog‘i edi.

“Romantik shoir” deya e’tirof etilgan Hamid Olimjon qalamiga mansub “O‘lka”, “Derazamning oldida bir tup o‘rik”, “Baxt” kabi she’rlar hali-hamon odamlar tomonida sevib o‘qilmoqda.

Rustam Hamroqulov

Mashhur aktyor va so‘z ustasi Rustam Hamraqulov ham afsuski avtohalokat tufayli bu dunyoni tark etgan. U 1989 yil 1oktyabr kuni 36 yoshida Namanganga qurilish mollari olib ketayotgan vaqtda yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Marhum aktyorning ayoli intervyusida o‘sha ma’shum tunni quyidagicha eslaydi:

“Rustam aka o‘limidan bir hafta oldin rosa shoshib qolgani, hazil tariqasida vasiyat qilganini eslasam... “Xotin, orqamda qol, mendan keyin turmush qurmagin, farzandlarimizning kelajagi yorug‘, agar ularga e’tibor bersang, seni yuzaga olib chiqishadi! deb bir necha bor takrorladi. Bor sarmoyasini to‘plab, Namanganga qurilish mollarini olib ketayotganda yo‘lini to‘xtatdim. “Uyni tezroq bitirish kerak, hademay qish boshlanadi, bolalar ham ulg‘ayib qoldi” deya qo‘yarda-qo‘ymay 30-sentyabr kuni yo‘lga otlandi. Bu turmush o‘rtog‘im bilan so‘nggi uchrashuvimiz bo‘ldi. Qaytishiga tayyorlab qo‘ygan ko‘k loviyali oshni yeyish ham u kishiga nasib etmadi. 1-oktyabr kuni tun yarmida qo‘ng‘iroq qilib, yuk mashinasi halokatga uchragani va Rustam Hamroqulov olamdan o‘tganini aytishdi.

Shukurki, u kishidan yorqin xotira – uch farzand qoldi. Iskandar otasining izidan borib qiziqchilik sohasini tanladi, Samandar esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist darajasiga erishdi. Qizimiz Sevara ham teatr aktyori, garchi ijodini biroz kech boshlagan bo‘lsa-da, yaxshi natijalarga erishdi. Undan ham umidlarim katta. Agar otasi hayot bo‘lganida, farzandlarining yutuqlaridan quvongan bo‘lardi”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing