Xonanda Zohid Rixsiyev 10 yilgacha qamalishi mumkin
Madaniyat-san’at
−
14 Oktabr 2022
86394Yo‘l-transport hodisasiga uchrab, hamon koma holatida qolayotgan xonanda Zohid Rixsiyev 10 yilgacha qamalishi mumkin. Bu haqda “Zo'rTV” telekanalidagi ko‘rsatuvda ishtirok etgan Ichki ishlar xodimi, podpolkovnik Ijodbek Nishonov ma’lum qildi.
“Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Uning tibbiy holati bo‘yicha ekspertiza tayinlanadi. Agar tibbiy holati javobgarlik masalasini ko‘rishga loyiq deb topilsa, albatta, javobgarlik masalasi ko‘riladi. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar qoidalarga, qonunga amal qilib harakatlanishi kerak va lozim. Bu holatda hali dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va javobgarlik masalasi, albatta, oqibatdan kelib chiqib ko‘rib chiqiladi. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida chizilgan chizmada tormoz izlari ham mavjud, tormozlanish izining uzunligi 15 metrni tashkil etgan va uzilgan. Hozirda ekspertiza tayinlangan. Tezlikni ekspertiza xulosasigacha aniq aytib bo‘lmaydi”, deydi IIV vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zohid Rixsiyev shifoxonaga olib borilganidan so‘ng, uning qonidan namuna olingan va spirtli ichimlik ichgan-ichmaganini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan analiz javobi hali kelmagan. Bular tergov jarayonida aniq bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasida, Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish:
a) odamlar o‘limiga;
b) halokatga;
v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 29 sentyabr kuni Toshkentning Yunusobod tumanida xonanda Zohid Rixsiyev boshqaruvidagi BMW rusumli transport vositasi avtohalokatga uchragandi. Oqibatda mashinada bo‘lgan yana uch kishidan biri, 1994 yilda tug‘ilgan X.S. voqea joyida vafot etgan. Zohid Rixsiyev hamon koma holati bo‘lib, ahvoli og‘ir deya baholanyapti.
LiveBarchasi