Xomanaiyning o‘ldirilishi Eron bilan ziddiyatga barham beradi – Netanyaxu

Olam

image

Agar Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilsa, bu Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirmaydi, balki “bu mojaroga barham beradi”. Bunday fikrni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 16 iyun kuni Amerikaning ABC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bizda bu rejim tomonidan yoyilgan yarim asrlik mojaro bor, u Yaqin Sharqdagi hammani dahshatga soladi. U Saudiya Arabistonidagi Aramco neft konlarini bombardimon qildi, hamma joyda terror, qo‘poruvchilik va sabotajni tarqatdi. Eron “abadiy urush” istaydi, bu bizni yadro urushi yoqasiga olib keladi. Aslida, Isroil buning oldini oladi, bu tajovuzga chek qo‘yadi va biz buni faqat yovuz kuchlarga qarshi turish orqali qila olamiz”, degan Netanyaxu.

Jurnalistning Isroil haqiqatan ham Xomanaiyni nishonga oladimi yoki yo‘qmi degan savoliga Netanyaxu uning mamlakati “qilishi kerak bo‘lgan ishni qilyapti”, deb javob berdi.

Avvalroq “Reuters” agentligi amerikalik rasmiylarga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilning Xomanaiyni yo‘q qilish rejasiga “veto qo‘ygani” haqida xabar bergan edi. Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Eron Amerika fuqarolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmaguncha, Vashington bunday choralarni ma’qullashga tayyor emas.

Isroil Milliy Xavfsizlik Kengashi rahbari Sachi Xanegbi xabarni “feyklar mamlakatidan olingan feyk” deb atadi. O‘z navbatida, “The Wall Street Journal” isroillik mulozimga tayanib, Xomanaiyning Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti chog‘idagi “Ko‘tarilgan sher” hujumlaridan “immuniteti yo‘qligini” yozdi.

“Iran International” manbalariga tayanib xabar berishicha, Xomanaiy Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan bir necha soat o‘tib Tehron shimoli-sharqidagi yer osti bunkeriga panoh topgan. Bu manbalarga ko‘ra, Eron oliy rahbari bilan birga uning oila a’zolari ham boshpanada. Nashrning qayd etishicha, Isroilga qarshi oldingi amaliyotlar chog‘ida – 2024 yilning aprel va oktyabr oylarida ham – Xomanaiy ushbu bunkerdan panoh topgan.

Manbalardan biriga ko‘ra, Isroil 15 iyun kuni yahudiy davlatidan 2,3 ming km uzoqlikda joylashgan Mashhad aeroportiga Xomanaiy o‘zini hech qayerda xavfsiz his qila olmasligini ko‘rsatish uchun zarba bergan.

Bungacha Eron xalqaro manbalari Oliy rahbar idorasi rahbari o‘rinbosari Ali Asg‘ar Hijoziy Rossiya hukumati vakillari bilan vaziyat yanada yomonlashsa, mamlakatni tark etish imkoniyati haqida yashirincha muzokaralar olib borayotganini da’vo qilgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, Eronning boshqa yuqori martabali rasmiylari ham shunday kelishuvlarga ega.

“Ko‘tarilgan sher” operatsiyasi va Eronning Isroilga javob zarbalari
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Erondagi nishonlarga, jumladan Tehrondagi ob’ektlar va yadro markazlariga kuchli zarbalar bera boshladi. Bu zarbalar keyingi uch kun davomida davom etdi. Oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salamiy, Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bag‘iriy va boshqa bir qator yuqori martabali generallar, shuningdek, yadroshunos olimlar halok bo‘ldi.

15 iyun kuni Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning zarbalari oqibatida 224 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Tehron Isroilning zarbalarini “urush e’loni” deb hisobladi va Isroilga yuzlab uchuvchisiz uchoqlar va ballistik raketalarni uchirdi. Ulardan ba’zilari Tel-Aviv va uning atrofidagi nishonlarga yetib borgan va qurbonlar bo‘lgan. Xususan, 15-iyunga o‘tar kechasi Eronning Tel-Avivning janubiy chekkasidagi Bat-Yam shahriga bergan zarbasi oqibatida yetti kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Bin'yamin Netan'yaxu Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing