Xomanaiy islom davlatlarini Isroil bilan aloqalarni uzishga chaqirdi
Olam
−
21 Sentabr
4353Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy barcha islomiy mamlakatlarni Isroil bilan siyosiy munosabatlarni cheklashga va u bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirdi. Bu haqda u Tehronda bo‘lib o‘tgan “Islom birligi” xalqaro konferensiyasida so‘z ochdi.
“Bugun sionistik rejim uyatsiz va ochiqdan-ochiq jinoyatlar qilyapti”, deydi Xomanaiy Isroilning G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi amaliyotlari, shuningdek, Livan va Suriyaga hujumlari haqida to‘xtalib.
Uning aytishicha, Islom olami Isroil bilan siyosiy aloqalarni cheklab qo‘yishi, matbuotda unga nisbatan bosimni kuchaytirishi va Falastin xalqi tomonida qat’iy ekanini ochiq ko‘rsatishi kerak. Birinchi qadam sifatida esa islomiy mamlakatlar Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni butunlay uzishi zarur.
Ma’lumot uchun, 17 va 18 sentyabr kunlari Livanda aloqa vositalarining portlashi sodir bo‘ldi. 17 sentyabr kuni mamlakatning turli hududlarida deyarli bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli peyjerlar portladi. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda hodisa natijasida 12 kishi, jumladan, 2 nafar bola halok bo‘lgan, 2,8 ming nafar odam tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yetkazilgan. Ertasi kuni, 18 sentyabrda Livanning turli hududlarida quyosh panellari va litiy-ionli akkumulyatorlardan quvvat oladigan ratsiyalar, telefonlar va qurilmalar portladi. Takroriy hujum natijasida 25 kishi halok bo‘ldi, 608 kishi yaralandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Falastinning HAMAS harakati nafaqat G‘azo sektorini, balki Turkiyani ham himoya qilishini aytdi va Isroil kengayishiga qarshi islomiy davlatlar koalitsiyasini tuzishga chaqirdi.
LiveBarchasi