XOQ O‘smirlar Olimpiya o‘yinlarini tashkil qilishni to‘xtatdi

Sport

image

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya hay’ati 2030 yilgi O‘smirlar Olimpiya o‘yinlarini tashkil etish jarayonini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda tashkilot prezidenti Kirsti Koventri yig‘ilishdan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Navbatdagi O‘smirlar Olimpiya o‘yinlari 2026 yil 31 oktyabrdan 13 noyabrgacha Senegalning Dakar shahrida bo‘lib o‘tadi. 2030 yilgi musobaqa O‘smirlar Olimpiadasi tarixidagi beshinchi turnir bo‘lishi kerak edi. Musobaqaga mezbonlik qiladigan davlat bo‘yicha rasmiy qaror iyun oyida e’lon qilinishi rejalashtirilgan edi.

Koventrining aytishicha, milliy olimpiya qo‘mitalari va xalqaro sport federatsiyalari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng tashkilot O‘smirlar Olimpiadasining kelajagini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan.

“Milliy olimpiya qo‘mitalari va xalqaro federatsiyalar bilan bir qator muzokaralar olib bordik. Biroq yakunda aniq va qoniqarli natijaga erisha olmadik. Shu sababli, 2030 yilgi O‘smirlar Olimpiadasini tashkil etish jarayonini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildik. Biz, avvalo nima uchun O‘smirlar Olimpiadasini o‘tkazayotganimizni chuqurroq tahlil qilib, yangi strategiya ishlab chiqmoqchimiz. Maqsadimiz – yoshlarni sportga kengroq jalb qilishdir. Ammo hozirgi formatdagi O‘smirlar Olimpiadasi bu vazifalarning barchasini to‘liq bajarayotgani yo‘q. 2026 va 2028 yilgi O‘smirlar Olimpiya o‘yinlari belgilangan reja asosida o‘tkaziladi. Lekin 2030 yilgi musobaqaga mezbon tanlashdan oldin, bu o‘yinlar kelajakda qanday ko‘rinishda bo‘lishi va qaysi yo‘nalishda rivojlanishi kerakligini aniqlab olishimiz zarur”, dedi Koventri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi o‘zining kibersport qo‘mitasi faoliyatini to‘xtatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing