XOQ isroilliklarga viza bermagani uchun Indoneziyani jazoladi
Sport
−
23 Oktabr 2025 4313 1 daqiqa
Avvalroq, Indoneziya hukumati gimnastika bo‘yicha Jakartada bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati uchun Isroil sportchilariga viza bermasligini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Indoneziyada xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazmaslikka qaror qildi. Bu haqda XOQ xabar berdi.
Jakartada bo‘lib o‘tayotgan gimnastika bo‘yicha Jahon chempionatida Isroil delegatsiyasiga kirish ruxsati berilmagach, XOQ bu qarorni “sportdagi asosiy tamoyillarga zid” deb baholadi.
XOQ ijroiya kengashi Indoneziya Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan Olimpiya o‘yinlari, o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari va boshqa tadbirlar bo‘yicha “har qanday shakldagi muloqotni to‘xtatish”ga qaror qilganini ma’lum qildi. Taqiq mamlakat barcha ishtirokchilarga millatidan qat’i nazar kirish kafolatini bermaguncha kuchda qoladi. Shuningdek, XOQ barcha xalqaro federatsiyalarga Indoneziyada hech qanday xalqaro musobaqa yoki uchrashuv o‘tkazmaslikni tavsiya etdi.
Ma’lumot uchun, Indoneziya 2023 yilgi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqidan Isroilning ishtirokiga qarshi siyosiy noroziliklar sababli, turnir boshlanishiga ikki oy qolganda mahrum etilgan edi. FIFA keyinchalik bu mamlakatga 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Jahon chempionatini o‘tkazish huquqini bergan edi. Isroil ushbu musobaqada yakuniy 24 ta ishtirokchilar qatoridan chetda qolgan.
Live
Barchasi