Xoinga chiqarilgan rus bokschilari – Sport dayjesti

Sport

“Real”ga atalgan “shalpangquloq” kubok, Trampdan Falastindagi urushni to‘xtatishni so‘ragan Habib va rus bokschilarini xoin degan Umar Kremlyov bugun diqqat markazida. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

“Real” 15 karra YeCHL g‘olibiga aylandi

2 iyunga o‘tar kechasi Angliya poytaxti London shahridagi “Uembli” stadionida futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining (YeCHL) final bahsi bo‘lib o‘tdi. Hal qiluvchi o‘yinda Madridning “Real” klubi Dortmundning "Borussiya"si bilan kuch sinashib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvda gollarni 74-daqiqada Dani Karvaxal va 83-daqiqada Vinisius Junior kiritdi.

Shunday qilib, madridliklar o‘z tarixida 15-marotaba YeCHL bosh sovriniga ega chiqdi. Bu borada “Real” eng yaqin ta’qibchisi Italiyaning “Milan” klubini 8 ta sovringa ortda qoldirmoqda. “Qizil-qoralar” hisobida 7 ta YeCHL sovrini bor.

Shuningdek, “Real” a’zolari Dani Karvaxal, Toni Kroos, Nacho Fernandes va Luka Modrich 6 marta YeCHLda g‘olib bo‘lib, bu borada yaqqol rekordchiga aylandi.

Islom Maxachev uchinchi marta chempionlik kamarini himoya qildi

2 iyun tongida AQSHning Nyuark shahrida aralash yakkakurashlar bo‘yicha UFC 302 turniri bo‘lib o‘tdi. Asosiy bahsda tashkilotning yengil vazn toifasi chempioni (70 kg gacha) rossiyalik Islom Maxachev amerikalik Dastin Porega qarshi o‘z chempionlik kamarini himoya qildi.
Jang besh raund davom etdi va raundlarning oxirgisida Maxachev bo‘g‘ilish uslubi bilan g‘alaba qozondi. Shu tariqa Islom Maxachev yengil vazn toifasida qatorasiga uchinchi bor chempionlik kamarini himoya qildi.

Oktyabr oyida u BAA poytaxti Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan UFC 294 musobaqasida o‘zining oxirgi himoya jangida avstraliyalik Aleks Volkanovskini birinchi raunddayoq texnik nokautga uchratgandi. Hozir Maxachev hisobida 26 g‘alaba va bitta mag‘lubiyat bor.
Pore hisobida esa 30 g‘alaba va 9 mag‘lubiyat bor.

Fayzullayev SSKAning may oyidagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev SSKAning may oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonlarida o‘zbekistonlik futbolchi 46 foiz ovoz to‘pladi. Bu borada Abbosbek 23 foiz ovoz yig‘gan Temurlan Musayev va 10 foizlik natijaga ega bo‘lgan Fyodr Chalovni ortda qoldirdi.
20 yoshli Fayzullayev bungacha bir necha marta klubida oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Ortda qolgan mavsum futbolchi “armiyachilar” safida 4 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 

“Brentford” Muhammadali O‘rinboyev bilan xayrlashdi

Angliyaning “Brentford” klubida ijara asosida to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Muhammadali O‘rinboyev jamoani tark etdi. Bu haqda futbolchining o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

“Brentford” 19 yoshli O‘rinboyevni “Paxtakor”dan ijaraga olgandi va uni sotib olish imkoniyatiga ega edi, biroq ingliz klubi sotib olish opsiyasini faollashtirmadi va O‘rinboyevdan tashqari yana 10 nafar futbolchi bilan xayrlashdi.

“Brentford”ning taklifi menga to‘g‘ri kelmadi, men asosiy jamoada o‘ynamoqchiman”, deydi O‘rinboyev.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘rinboyev 1 iyun kuni O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida xalqaro o‘rtoqlik turnirida ishtirok etish uchun Xitoyga yo‘l olgan. 

Kremlyov rus bokschilarini xoin deb atadi

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyov iyul oyida boshlanadigan Parij Olimpiadasiga neytral maqomda borishga rozi bo‘lgan rus bokschilarini keskin tanqid qildi.

“Neytral maqomda boksda qolish yoki boksdan ketish tanlovi bo‘lsa, men ketishni tanlardim. Farzandlarimizga bayroqsiz va madhiyasiz ringga chiqishni aytishdan uyalaman. Bizning ona Rossiyamiz bor va biz uning tarafida turishimiz kerak. Bayroqsiz arenaga chiqishga rozi bo‘lganlarni tushunmayman. Bu xuddi onangizni tashlab ketishdek gap. Ular pul va shon-shuhrat uchun kurashadigan xoinlardir”, deydi Kremlyov.

Ma’lumot uchun, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 2023 yil 8 dekabrda yangi qonun qabul qilib, unga ko‘ra Rossiya va Belarus sportchilariga faqat individual sport yo‘nalishlarida, neytral maqomda musobaqada ishtirok etishiga ruxsat bergandi.
Nursulton Ro‘ziboyev UFC bilan yangi shartnoma tuzdi

O‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev Ultimate Fighting Championship (UFC) bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda sportchining o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Yangi shartnomaga ko‘ra, 30 yoshli Ro‘ziboyev tashkilotda yana 4 ta jang o‘tkazish imkoniyatiga ega. O‘zbekistonlik jangchi eski shartnomasi bo‘yicha UFC’da yana 1 ta jang o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, Nursulton Ro‘ziboyev 2023 yil 1 iyul kuni tashkilotda debyut qilgan. Hozirgacha u UFC'da 3 ta jang o‘tkazib, 2 tasida g‘alaba qozongan, 1 ta jangda esa imkoniyatni boy bergan. 

JCH saralashi: O‘zbekiston Turkmaniston ustidan g‘alabaga erishdi

6 iyun kuni futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Turkmaniston milliy terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi.

Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Turkmaniston ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. 
Ushbu uchrashuvda kiritilgan gollarga O‘zbekiston milliy terma jamoasidan Husniddin Aliqulov, Oston Urunov va Sherzod Nasrullayev, Turkmaniston milliy terma jamoasidan Shanazar Tirkishev mualliflik qildi.

Ma’lumot uchun, Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron milliy terma jamoasiga qarshi 11 iyun kuni Tehronda bahs olib boradi.

Ronalduning Mbappega yozgan izohi ijtimoiy tarmoqlar rekordini o‘rnatdi

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronalduning fransiyalik Kilian Mbappening Instagram'dagi posti ostidagi izohi layklar soni bo‘yicha ijtimoiy tarmoq rekordini o‘rnatdi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.

3 iyun kuni Mbappe Ispaniyaning “Real Madrid” klubiga o‘tdi. Transfer e’lon qilingandan so‘ng, futbolchi “qirollik klubi” atributlaridagi bolalikdagi fotosuratlarini Instragram'ga joylashtirdi, postda Mbappening Ronaldu bilan tushgan surati ham bor. 

Portugaliyalik futbolchi izohlar bo‘limiga “Endi kuzatish navbati meniki. Men seni “Santyago Bernabeu”ni larzaga keltirayotganingni ko‘rishni xohlayman. Hala Madrid”, deb yozib qoldirdi.

Ronalduning ushbu izohi 5 milliondan ortiq layk oldi.

Ma’lumot uchun. Mbappe 25 yoshda. U oxirgi mavsumni  PSJda o‘tkazdi. U Parij klubi tarkibida besh karra Fransiya chempioni, uch karra mamlakat kubogi va superkubogi sohibiga aylandi va ikki marta Liga kubogini qo‘lga kiritdi. Futbolchi o‘z vaqtida Fransiyaning boshqa bir klubi “Monako”da ham o‘ynagan, u yerda Killian Fransiya chempionligini qo‘lga kiritgan. Fransiya terma jamoasi bilan birgalikda Jahon chempionati g‘olibi (2018) va kumush medali (2022) sohibiga aylandi.
Rep qiroli Madrimov-Krouford jang qiladigan turnirda chiqish qiladi

Mashhur repper Eminem o‘zbekistonlik Isroil Madrimov va amerikalik Terens Krouford jang qiladigan oqshomning maxsus mehmoni bo‘ladi. Bu haqda “Riyadh Season” sport musobaqalari tashkiloti ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.

Madrimov va Krouford jangi 3 avgust kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladi. Ushbu jangda o‘rtaga Madrimovga tegishli WBA chempionlik kamari hamda birinchi o‘rta vaznda vakant, ya’ni egasiz bo‘lib turgan vaqtinchalik WBO kamari qo‘yiladi.
Amerikalik mashhur rep ustasi Marshall Bryus Meters III – Eminem boks kechasida o‘z qo‘shiqlari bilan chiqish qiladi.

Ma’lumot uchun, rep qiroli deb ta’riflanadigan Eminem hozirda 51 yoshda. Uning yuzlab replari xit darajasiga chiqqan. Eminem 2022 yildan Rok-n-roll shon-sharaf zali a’zosi hisoblanadi.
 

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing