Xodim ish vaqtida halok bo‘lsa, uning yaqinlariga qanday tovon to‘lanadi?

Foydali

image

Avvalroq, Toshkentning Mirobod tumanidagi ko‘p qavatli uyning fasadini bo‘yayotgan fuqaro yiqilib tushgani haqida xabar bergan edik. U og‘ir ahvolda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borildi. Fuqaroga bosh miyaning ochiq jarohatlanishi, katatramma tashxisi qo‘yildi. Xodim ish jaryonida sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetsa yoinki halok bo‘lsa, qonunchilikka ko‘ra unga yoki yaqinlariga qanday kompensatsiyalar to‘lanishi kerak? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasiga ko‘ra, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodim vafot etgan taqdirda, uning oila a’zolariga yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, ma’naviy zararni) ish beruvchi, basharti boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda qoplab beradi. Ish beruvchi marhum xodimning oila a’zolariga quyidagilarni to‘laydi:

•  ma’naviy zarar;
•  boquvchining vafot etgani munosabati bilan zarar;
•  vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa.

Shuningdek, agar boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartib asosida tahlil qiladigan bo‘lsak, ish beruvchi marhum xodimning oila a’zolariga ma’naviy zararni, boquvchining vafot etganligi munosabati bilan zararni, vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqani, dafn etish uchun zarur xarajatlarni to‘lashga majbur.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 28 apreldagi "Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida"gi 7-son qarorida “ma’naviy zarar” – jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (o‘tkazgan) ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqa) azoblar, deb ta’riflangan.
Mehnat kodeksining 192-moddasida, boquvchining vafot etgani munosabati bilan zararni ish beruvchi tomonidan to‘lash majburiyati belgilangan. Unga ko‘ra, xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘ligiga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.

Xodimning o‘zi aybdor bo‘lsa-chi?

Mehnat kodeksining 191-moddasiga ko‘ra, agar jabrlanuvchi tomonidan qo‘pol ehtiyotsizlik qilingan va ish beruvchining aybi bo‘lmagan hollarda, uning aybidan qat’i nazar javobgarlik kelib chiqadigan bo‘lsa, to‘lanadigan zarar miqdori ham shunga muvofiq ravishda kamaytiriladi, lekin ish beruvchini butunlay zararni to‘lashda ozod qilmaydi.

Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida, uning o‘ziga va uning qaramog‘ida bo‘lgan, lekin zararni undirishga haqli bo‘lmagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarning ulushini chegirib tashlagan holda belgilanadi.

Bundan tashqari, xodim mehnat jarayonida vafot etgan taqdirda ish beruvchi qo‘shimcha ravishda dafn etish uchun zarur xarajatlarni ushbu xarajatlarni sarflagan shaxsga to‘lashi shart.

Zararni to‘lash tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari”da batafsil belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 194-moddasiga ko‘ra,  xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa, marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Xodimga jarohat yoki sog‘lig‘iga boshqa shikast yetkazilganda jabrlanuvchining olgan yoxud olishi mumkin bo‘lgan yo‘qotgan ish haqi (daromadi) to‘lanadi.
Zarar har oyda jabrlanuvchining kasbiy mehnat faoliyatini yo‘qotish darajasiga tegishli ravishda mehnat jarohati olgunga qadar uning o‘rtacha oylik ish haqiga foizlarda, sog‘ligiga shikast yetkazilishi sababli qilingan qo‘shimcha xarajatlar kompensatsiyalarda, shuningdek belgilangan hollarda bir martalik nafaqalar to‘lashda qoplanadi.
Zararni sud orqali undirish tartibi qanday?

Boquvchisini yo‘qotganlik tufayli zarar to‘lanishi huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga zararni to‘lash haqidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

•  fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi (FHDYO) tomonidan boquvchining vafoti to‘g‘risida berilgan guvohnoma nusxasi;
•  vafot etgan shaxsning oila a’zolari tarkibi, shu jumladan uning qaramog‘ida bo‘lganlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (yoki boshqa hujjatlar) yoki sudning tegishli qarori nusxasi;
•  o‘quv muassasasining zarar to‘lanishi huquqiga ega bo‘lgan, yoshi 16 dan 18 gacha bo‘lgan shaxslarning o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi.

Sud tomonidan zarani undirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003 yil 19 dekabrdagi “Mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga oid nizolar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 18-son qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. 

Ushbu qarorga ko‘ra, zararni to‘lash to‘g‘risidagi ariza ish beruvchiga beriladi. Zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizaning nusxasi kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yoxud korxona xodimlarining boshqa vakolatli organiga beriladi. Ish beruvchi zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizani ariza olingan kundan boshlab 10 kun muddatda ko‘rib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi shart.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 15-bandiga ko‘ra ma’naviy zararni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy huquqlarni himoya qilishning birdan-bir manbai hisoblanadi. Shu sabab Fuqarolik kodeksi 163-moddasining birinchi qismiga muvofiq ma’naviy zararni undirish haqidagi talablarga da’vo muddati tatbiq etilmaydi
 
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1022-moddasiga ko‘ra, ma’naviy ziyonning miqdori sud tomonidan aniqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing