Xitoy koronavirus qanday paydo bo‘lganini yashiryapti – JSST
Salomatlik
−
20 mart 2023
9673Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maslahatchilari Xitoyni COVID-19 pandemiyasining kelib chiqishi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni oshkor qilishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, Uxandagi bozorda rakun itlarining mavjudligi haqidagi yangi ma’lumotlar Xalqaro patogenlarni kuzatish ma’lumotlar bazasiga joylashtirilib, keyin yana undan olib tashlangach JSST Xitoydan barcha ma’lumotlarni ochiqlashni so‘ragan.
Shuningdek, 2020 yilda Xitoyning Uxan shahridagi tirik hayvonlar bozoridan olingan namunalar asosidagi qo‘shimcha genomik ma’lumotlar xitoylik olimlar tomonidan joriy yilning boshida GISAID ochiq ma’lumotlar bazasiga qisqacha yuklangan. JSST bu harakat boshqa mamlakatlardagi tadqiqotchilarga ular bilan tanishish imkonini berishini aytgan. Biroq GISAID vakili bu axborotlarni keyinchalik ma’lumotlar bazasidan olib tashlanganini ma’lum qilgan. JSSTning yangi patogenlarning kelib chiqishi bo‘yicha ilmiy maslahat guruhi (SAGO) esa Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotlarni “Nature” ilmiy jurnaliga qayta taqdim etishni rejalashtirayotganini qayd etgan.
JSST rasmiylari bunday ma’lumotlar COVID kelib chiqishini tekshirishda muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidlab, ular darhol berilishi kerak ekanini aytgan.
“Bu ma’lumotlar pandemiya qanday boshlangani haqidagi savolga aniq javob bermaydi, ammo har bir ma’lumot bizni bu javobga yaqinlashtirishda muhim. Ushbu ma’lumotlar uch yil oldin taqdim etilishi mumkin va kerak edi. Biz Xitoyni ma’lumotlarni uzatishda shaffof bo‘lishga, kerakli tekshiruvlarni o‘tkazishga va natijalarni baham ko‘rishga chaqirishda davom etamiz”, deydi JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus.
JSST va boshqa olimlar virus Uxandagi xavfli patogenlar o‘rganilayotgan laboratoriyada paydo bo‘lganini istisno qila olmasligini aytgan. Xitoy esa bunday aloqalarni rad etib kelmoqda.
2022 yilgi tekshiruvlarga ko‘ra, Uxandagi bozor va uning atrofidagi do‘konlar va kanalizatsiyadan to‘plangan 923 ta namunaning kichik qismigina virus uchun ijobiy sinovdan o‘tgan. Tekshirilgan 457 ta hayvon namunasida virus aniqlanmagan. Biroq namunalar orasida rakun itlariga tegishlisi bo‘lmagan.
Yangi tahlil shuni ko‘rsatadiki, rakun itlari va boshqa hayvonlar bozor tozalanishidan oldin u yerda bo‘lganining katta ehtimoli bor.
JSST SAGO’ga butun dunyo bo‘ylab 7 millionga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan pandemiyaning kelib chiqishini tekshirishni davom ettirishni buyurgan.
LiveBarchasi