Xitoyda uch nafargacha farzand ko‘rishga ruxsat berildi
Olam
−
20 avgust 2021
4299Bugun, 20 avgust kuni Xitoyning Butunxitoy xalq vakillari kongressi (parlament) doimiy qo‘mitasi fuqarolarga uch nafargacha farzand ko‘rishga ruxsat berdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ushbu farmon “Aholi va tug‘ilishni rejalashtirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar doirasida qabul qilingan.
Unga ko‘ra, davlat aholi o‘rtasida nikoh soni ortishi va bolalarning tug‘ilishiga ko‘maklashmoqchi. Bundan tashqari, davlat bolali yosh oilalarga moliyaviy, soliq, sug‘urta, ta’lim va uy-joy imtiyozlarini joriy etadi. Shuningdek, ota-onalarning yosh avlodning tug‘ilishi, tarbiyasi va ta’lim xizmatlari xarajatlarini kamaytiradi.
Mahalliy hokimiyat organlari va ish beruvchilar yosh bolalarni tarbiyalayotgan xodimlarga qo‘shimcha ta’til berishlari tavsiya etiladi. Xitoy hukumatining rejalarida yosh oilalarga subsidiyali uy-joy berish hamda uch yoshgacha bolalarni boqish xarajatlari uchun soliq imtiyozlari berish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot o‘rnida, 1970-yillarning o‘rtalaridan boshlab XXR tug‘ilish darajasini cheklash bo‘yicha “bir oila — bir bola” siyosatini olib bordi.
Biroq, mamlakat aholisining tez qarishi tufayli 2008-2009 yillarda Xitoy hukumati er-xotinlarga ikki farzandli bo‘lishga ruxsat berdi. 2016 yil 1 yanvardan boshlab XXRda barcha xitoy oilalariga ikki farzand ko‘rishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi.
2020 yil oxirida XXR aholisi 1,41 milliard kishini tashkil etdi. 60 yoshdan oshgan fuqarolar ulushi 18,7 foizga yetdi.
Xitoylik demograflarning prognozlariga ko‘ra, agar hozirgi tendensiya o‘zgarmasa, 2050 yilga kelib Xitoyda 60 yoshdan oshgan 487 millionga yaqin odam bo‘ladi. Boshqacha aytganda, qariyalar 1,4 milliard aholining 35 foizini tashkil qiladi.
LiveBarchasi