Xitoydagi kuchli yomg‘ir oqibatida halok bo‘lganlar soni ortyapti (video)
Olam
−
01 avgust 2023
4029Avvalroq Xitoy poytaxti Pekinda kuchli yomg‘ir tufayli paydo bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi. Ushbu suv toshqinlari oqibatida Pekinning 13 tumanida 44 673 kishi jabr ko‘rdi, 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” Pekindagi toshqinning oldini olish boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
“Yana 27 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan, ulardan to‘rt nafari bilan aloqa qutqaruv ishlari davomida uzilgan”, deyiladi xabarda.
Shaharning xavfli hududlaridan 127 ming kishi evakuatsiya qilingan. Suv toshqinlari va sel kelish xavfi saqlanib qolmoqda.
Pekin meteorologiya xizmati yomg‘ir haqida ogohlantirishni qizildan to‘q sariq rangga (g‘arbiy Mentougou hududida) va sariqqa (boshqa hududlarda) tushirgan.
Pekin ob-havo stansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 iyul oqshomidan 1 avgust tongiga qadar Pekinda o‘rtacha 260 mm yog‘in tushgan. Eng ko‘p yog‘ingarchilik Mentougou va Fanshan tumanlariga to‘g‘ri kelgan. Bu yerda o‘rtacha 447,6 mm yomg‘ir yog‘gan.
Eslatib o‘tamiz, 28 iyul kuni Xitoyga “Doksuri” to‘foni yopirilgandi. Oqibatda 724,6 ming odam jabrlangan.
LiveBarchasi