Xitoyda yaponiyalik tadbirkor josuslikda ayblandi

Olam

image

O‘tgan yilning mart oyida Pekinda josuslikda gumon qilinib hibsga olingan yaponiyalik tadbirkorga Xitoy prokuraturasi ayblov e’lon qildi. Bu haqda “Kyodo News” xabar berdi.

“Astellas Pharma Inc.” vakili kompaniyaning mahalliy shu’ba korxonasi rahbari bo‘lgan shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinganini tasdiqlagan, ammo sud jarayoni davom etayotgani sababli qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortgan. Yaponiya hukumati uning muddatidan oldin ozod etilishini ta’minlash uchun sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda.

Ish Pekindagi O‘rta xalq sudida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Xitoydagi Yaponiya Savdo-sanoat palatasining sobiq yuqori lavozimli amaldori bo‘lgan 50 yoshlardagi erkakning uzoq muddat hibsga olinishi Yaponiyaning Xitoyga sarmoya kiritilishiga va ikki tomonlama almashinuvlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

U o‘tgan yilning 20 martida, Yaponiyaga qaytishi rejalashtirilganidan oldin ushlangan va oktyabr oyida rasman hibsga olingan. Xitoy hukumati shu yilning mart oyida unga ayblov e’lon qilish yoki qo‘yib yuborish bo‘yicha tekshiruv jarayonini boshlagan.

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida o‘tgan yilning noyabr oyida San-Fransiskoda Xitoy rahbari Si Szinpin bilan bo‘lib o‘tgan sammitda tadbirkorni ozod qilishga chaqirgan edi.

Ma’lumot uchun, 2014 yilda Xitoyning aksil-josuslik to‘g‘risidagi qonuni kuchga kirganidan beri 17 yapon fuqarosi, jumladan “Astellas Pharma Inc.” xodimi josuslik faoliyatiga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan. Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, besh kishi hibsda qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Yaponiya Pekin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing