Xitoyda O‘RVIning avj olishiga nima sabab bo‘layotgani aytildi

Salomatlik

image

Shimoliy Xitoyda o‘tkir respirator kasalliklarning avj olishiga yettita turli patogen sabab bo‘lmoqda. “Taiwan News”ning xabar berishicha, Tayvan Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi kelgusi yilning fevral oyida – xitoycha Yangi yil bayramida kasallanish eng yuqori cho‘qqiga chiqishini taxmin qilmoqda. 

Markaz rahbari Lo Iszyunning aytishicha, yosh guruhiga qarab o‘tkir respiratorli infeksiyalar turli patogenlar tomonidan qo‘zg‘atiladi: rinovirus bir yoshdan to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarga, mikoplazma pnevmoniyasi – 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlarga xosdir.

Shuningdek, u 15 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan guruh gripp viruslari, rinovirus va COVID-19 bilan kasallanganligini qayd etdi. Eng keksa guruh, 60 yoshdan oshganlar, odam metapnevmovirusi va COVID-19 bilan bog‘liq bo‘lmagan oddiy koronaviruslar bilan kasallangan. 

Uning aytishicha, Tayvan Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi materik Xitoydagi epidemiologik vaziyatni kuzatib boradi va Xitoy Yangi yili oldidan qo‘shimcha profilaktika choralarini joriy qilishi mumkin. Kelgusi yilda ushbu bayram 10 fevralga o‘tar kechasi nishonlanadi – Yangi yil bayramlari paytida yuz millionlab xitoyliklar o‘z oilalari bilan bayramni nishonlash uchun shaharlar bo‘ylab sayohat qiladi. Lo Iszyunga ko‘ra, tibbiyot xodimlariga nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan bemorlar bilan ularning yaqinda sayohat qilish rejasi haqida so‘rov o‘tkazish buyurilgan.

Avvalroq Xitoy rasmiylari mamlakatda o‘tkir respirator kasalliklarga chalinganlar soni ortgani haqida xabar bergan edi. Xitoy Xalq Respublikasi Gigiyena va sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi vakili Mi Fen yaqin kelajakda Xitoyda o‘tkir respiratorli infeksiyalar soni o‘sishda davom etishini aytdi. Uning aniqlik kiritishicha, oxirgi paytlarda qayd etilgan kasallik holatlari gripp virusi tufayli yuzaga kelgan, biroq bir qator bemorlarda rinovirus, mikoplazma pnevmoniyasi, respirator-sinsitial virus va adenovirus ham bor.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) joriy yilning 22 noyabr kuni Xitoydan bolalarda respirator kasalliklarning ko‘payishi haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘radi. Xususan, JSST gripp, SARS-CoV-2 koronavirusi, respirator-sinsitial virus va mikoplazma pnevmoniyasining tarqalish tendensiyalari haqidagi ma’lumotlarga qiziqqan. 

27 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti direktori vazifasini bajaruvchi Mariya van Kerkxove Xitoyda o‘tkir respirator infeksiyalar sonining ko‘payishi yangi patogenlar bilan bog‘liq emasligini va COVID-19 infeksiyalari soni 2018-2019 yillardagi ko‘rsatkichlardan oshmasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy O'RVI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing