Xitoyda qurilish maydonidagi changni bostirish uchun noodatiy usul qo‘llandi

Olam

image

Atrof-muhitga ta’sir qiladigan shovqin va chang ifloslanishini kamaytirish maqsadida Xitoyning Szinan shahri rahbariyati innovatsion qaror qabul qildi. Qurilish ishlari ulkan havo bilan to‘ldirilgan gumbaz ostida olib borilmoqda. Bu haqda “Oddity Central” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etadigan bu inshoot dunyodagi eng katta havo gumbazi bo‘lgan va ekologlar hamda qurilish texnologiyalari mutaxassislarining e’tiborini tortgan. 50 metr balandlikdagi konstruksiya katta qurilish maydonini to‘liq qamrab olib, chang va shovqinga qarshi samarali to‘siq vazifasini bajarmoqda. Ichkaridagi chang tashqariga chiqmasligi uchun havo filtrlash tizimi va manfiy bosim texnologiyasi qo‘llaniladi. U yerdan chiqayotgan havo tozalangan holda tashqariga o‘tadi. Shu bilan birga, gumbaz ichidagi ishchilar yetarli darajada toza havo bilan ta’minlanmoqda.

Gumbazning yana bir muhim xususiyati – quyosh nurlarini o‘tkazadigan shaffof qatlam. Bu kun davomida yoritish uchun elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi. Ichkarida yuk ko‘taruvchi ustunlarning yo‘qligi esa doimiy havo bosimi nazorati orqali ta’minlanadi va bu qurilish texnikasi hamda xodimlar uchun qulay muhit yaratadi.

Gumbazning yana bir afzalligi – uning ko‘chiriluvchanligidir. Ishlar yakunlangach, uni tezda yechib, boshqa qurilish maydoniga ko‘chirish mumkin. Shahar ma’muriyati vakillarining ta’kidlashicha, ushbu loyiha ekologik toza va barqaror shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kengroq strategiyaning bir qismi hisoblanadi.

Ushbu sinov loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Xitoy bo‘ylab shunday texnologiyalarni keng qo‘llashga turtki bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday texnologiyalar ayniqsa aholisi zich joylashgan hududlarda hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin, ayniqsa, qurilish ishlari ko‘pincha jiddiy ekologik muammolarga sabab bo‘ladigan joylarda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy chang qurilish maydoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing