Xitoyda dunyodagi eng katta gibrid quyosh elektr stansiyasi ishga tushdi

Bu qiziq

image

Joriy yilning 1 iyul kuni Xitoyda quvvati 1 GVt bo‘lgan dunyodagi eng yirik “Hami” gibrid quyosh elektr stansiyasidan tijoriy maqsadlarda foydalanish boshlandi. Bu haqda “Interesting Engineering” nashri xabar berdi.

“China Three Gorges Corporation” korporatsiyasi tomonidan Gobi sahrosida qurilgan ushbu elektr stansiyasi 900 MVt quvvatga ega fotoelektrik quyosh panellari va 100 MVtli konsentratsiyalangan quyosh energetikasi (CSP) qurilmasini o‘zida birlashtiradi. Oddiy quyosh elektr stansiyalaridan farqli o‘laroq, “Hami” quyosh botganidan keyin ham litiyli akkumulyatorlardan foydalanmagan holda 8 soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Energiyani saqlash uchun stansiya eritilgan tuzdan foydalanadi. Kunduzi 260 mingta ko‘zgudan iborat tizim tuzni Selsiy bo‘yicha 550 darajagacha qizdiradi, shundan so‘ng to‘plangan issiqlik bug‘ hosil qilish uchun yo‘naltiriladi. Ushbu bug‘ esa turbinani aylantirib, kechki vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlaydi.

Loyihaning qiymati 3,53 milliard yuanni (taxminan 480 million dollar) tashkil etgan. “China Three Gorges Corporation” baholashiga ko‘ra, stansiya to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 2,07 TVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin, bu esa taxminan 830 ming xonadonni energiya bilan ta’minlash uchun yetarlidir.

“Interesting Engineering” nashrining qayd etishicha, “Hami” Dubaydagi 950 MVt quvvatga ega “Noor Energy 1” majmuasini ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik gibrid quyosh elektr stansiyasiga aylangan. Kompaniya allaqachon ushbu ob’ekt quvvatini 3 GVtgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda, uning yonida esa quvvati 1,5 GVt bo‘lgan yanada yirikroq gibrid quyosh elektr stansiyasi qurilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy dengiz platformasiga o‘rnatilgan maxsus to‘r orqali raketa tezlatkichini qaytarib olish bo‘yicha tajribaviy tizimni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing