Xitoyda COVID-19'ga o‘xshash virus tarqaldi (video)
Olam
−
05 yanvar
11679Xitoylik shifokorlar mamlakatda inson metapnevmovirusi (hMPV) tarqalishini qayd etdi. Bu haqda Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish boshqarmasi xabar berdi.
Tadqiqotga ko‘ra, kasallanishning o‘sishi 14 yosh va undan kichik yoshdagi bolalar orasida ayniqsa sezilarli bo‘lib, bu shimoliy hududlarda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Britaniyaning “Daily Star” gazetasi xabariga ko‘ra, virus COVID-19'ga o‘xshash alomatlar keltirib chiqaradi. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga tayanib, gazeta Xitoy kasalxonalari yuqori isitma, yo‘tal va tomoq og‘rig‘i bilan og‘rigan bolalar bilan gavjumligini qayd etmoqda. So‘nggi bir necha kun ichida bunday bemorlar soni keskin ko‘paygan. Virus tarqalishi munosabati bilan Xitoy yuqori shay holatga keltirilgan.
Bundan tashqari, gazeta Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga tayanib, hMPV infeksiyasining birinchi holatlari Buyuk Britaniyada allaqachon qayd etilganini xabar qilmoqda. Britaniyalik shifokorlarning fikriga ko‘ra, virus bilan kasallanish ko‘paymoqda, grippning uchta asosiy shtammi - adenovirus, parainfluenza va rinovirus esa pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.
Metapnevmovirus pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Tayvanning Money UDN nashri xitoylik shifokorlarga tayanib, dekabr oyi oxirida hMPVdan o‘lim darajasi 43 foizgacha bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Taybey tibbiyot universiteti shifokori Chjou Bayqyan Xitoyda virus tarqalishi “epidemiyalar to‘lqini”ni keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotirlanayotganini aytdi.
“The Independent” gazetasining yozishicha, virus ayniqsa chaqaloqlar, qariyalar va immuniteti zaif bemorlar uchun xavflidir. Ayni paytda hMPVni davolash uchun vaksina yoki o‘ziga xos virusga qarshi dori yo‘q hamda shifokorlar odatda murojaat qilgan bemorlarda simptomlarni yo‘q qilish bilan cheklanadi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan xabarga ko‘ra, mamlakatda 30 kishi Xitoyda tarqalayotgan virusga chalingan. Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, epidemiya mavsumi boshidan buyon respublika bo‘yicha grippdan tashqari viruslarga 8360 ta namunalar tekshirilgan.
LiveBarchasi