Xitoy yana uchta sun’iy yo‘ldosh uchirdi. Maqsad nima?
Texnologiya
−
18 yanvar 2023
11214Xitoyning Long March 2D raketasi Gobi cho‘lidan ko‘tarilib, orbitaga uchta maxfiy sun’iy yo‘ldoshni olib chiqdi. Bu haqda “Space” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, raketa ham, sun’iy yo‘ldoshlar ham Xitoyning Aerokosmik fan va texnologiya korporatsiyasi tomonidan yaratilgan. Parvozdan bir soat o‘tib korporatsiya raketaning orbitaga muvaffaqiyatli chiqqanini e’lon qilgan.
Manbaga ko‘ra, Xitoyning bu gal uchirgan sun’iy yo‘ldoshlari – Yaogan 37, Shiyan 22A va 22B – Yerni masofadan zondlash imkoniyatlarini kengaytirishi, yangi sinovdan o‘tmagan monitoring texnologiyalarini sinab ko‘rishi kerak.
Xitoy OAVlarida yoritilishicha, Yaogan 37 asosan, kosmik atrof-muhit monitoringi uchun yangi texnologiyalarni orbitada sinovdan o‘tkazishda ishlatiladi. Shiyan 22A esa Yerni o‘rganish, shaharsozlik va ofatlarning oldini olish va yumshatish, Shiyan 22V tumanni aniqlash, suv ifloslanishini, ekinlar hosildorligini kuzatish, yer resurslarini hisobga olish va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladi.
Biroq, odatda Yaogan va Shiyan sun’iy yo‘ldoshlarida maxfiy loyihalar amalga oshiriladi. Hozir ham Xitoyning bu sun’iy yo‘ldoshlarida aslida nima qilinishi aniq emas. AQSH harbiylarining ma’lum qilishicha, sun’iy yo‘ldoshlar taxminan 515 km balandlikda aylana orbita bo‘ylab 43 daraja egilish burchagi bilan harakatlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Aerokosmik fan va texnologiya korporatsiyasi yanvar oyi boshida bu yil 50 dan ortiq orbital missiyalar amalga oshirishni rejalashtirganini e’lon qilingandi. Yuqoridagi Long March 2D’ning uchirilishi esa 2023 yilda Xitoy tomonidan amalga oshirilgan to‘rtinchi kosmik parvoz bo‘ldi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi