Xitoy yadroviy qurollar sonini keskin ravishda oshirmoqda – Pentagon
Olam
−
30 noyabr 2022
4907Kecha, 29 noyabr kuni Pentagon tomonidan Xitoyning Harbiy Quvvati to‘g‘risida hisobot e’lon qilindi. Unda Xitoyning yadroviy qurollari soni keskin ravishda oshib borayotgani qayd etilgan. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
2020 yilda Pentagon Xitoyda kamida 200 ta yadroviy kallaklar borligini va o‘n yil ichida ushbu zaxiralar ikki baravarga ko‘payishini taxmin qilgandi.
Hozir esa atigi ikki yildan so‘ng, Xitoy yadroviy kallaklari soni 400 ga yetdi. Qayd etilishicha, agar ular o‘z zaxiralarini hozirgi sur’atda kengaytirishda davom etsa, 2035 yilga kelib 1500 ga yaqin yadroviy kallaklarga ega bo‘ladi.
Pekinning harbiy sanoatda yadroviy qurollarni ko‘paytirishga qaratilgan siyosati Vashingtonning xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan oy e’lon qilingan 2022 yilgi AQSH Milliy mudofaa strategiyasida ham Xitoy AQSH uchun rivojlanish muammosi sifatida belgilandi.
“Xitoy geosiyosiy jihatdan AQSH uchun jiddiy muammo bo‘la oladigan kuchga ega yagona davlatdir. Aholisi, texnologiyasi, iqtisodiyoti va boshqa bir qancha narsalarga asoslanib, Xitoy AQSH uchun eng katta geosiyosiy muammodir”, deydi AQSH birlashgan qo‘mondonligi raisi general Mark Milli.
Shuningdek, rasmiylar Xitoyning 2021 yil iyul oyida butun dunyo bo‘ylab uchib o‘tgan gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazgani haqida yangi tafsilotlarni taqdim etgan. Qayd etilishicha, Xitoyning gipertovushli raketa tizimi 40 ming kilometr masofani bosib o‘tgan va shu kungacha Xitoyning quruqlikdagi hujum qurollari orasida eng uzoq parvozni namoyish etgan.
Ta’kidlash joiz, Xalq ozodlik armiyasi nomi bilan tanilgan Xitoy armiyasi kosmik qurollarni ham ishlab chiqmoqda. Xitoyning harbiy sohada shu kabi ilg‘or texnologiyalardan foydalanayotgani mintaqaviy harbiy mojarolarga tashqi aralashuvni oldini olish usuli sifatida izohlangan.
Ma’lumot uchun, Xitoy qariyb 1 million askardan iborat doimiy armiyaga, kemalar soni bo‘yicha dunyodagi eng katta dengiz floti va dunyodagi uchinchi yirik havo kuchlariga ega davlatdir.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi