Xitoy yadroviy arsenalini uch baravar oshiradi
Olam
−
11 fevral 2023
8638Xitoy yadroviy arsenalini uch barobarga oshirish va 2035 yilga borib yadroviy kallaklar sonini 900 taga yetkazish niyatida. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yadro salohiyatini oshirish rejasi allaqachon Xitoy rahbari Si Szinpin tomonidan ma’qullangan. Bunday qadam AQSH bilan munosabatlarning keskinlashishi va Tayvan atrofidagi keskin vaziyat bilan ham bog‘liq.
Manbaga ko‘ra, yadro kallaklari sonini oshirish ikki bosqichda amalga oshirilishi kutilmoqda. Birinchi bosqich Xalq ozodlik armiyasi tashkil etilganining 100 yilligiga qadar (2027 yilgacha) amalga oshiriladi. Bu bosqichda yadroviy arseanallar soni 550 taga ko‘paytiriladi. 2035 yilga kelib esa arsenal 900 tagacha kengaytirilishi kutilmoqda.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqoti instituti o‘zining so‘nggi hisobotlaridan birida “yadro klubi”ning barcha mamlakatlari (Rossiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Hindiston, Xitoy, Shimoliy Koreya, Pokiston, AQSH va Fransiya) yadro quroli bilan bog‘liq dasturlarni faol ishlab chiqayotganini qayd etgan. Masalan, 2021 yil yanvarida dunyoda 12705 dona yadro arseanallari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bir yil o‘tib, ularning soni 13080 taga yetgan. Yaqin o‘n yillikda dunyoda yadro qurollari soni yana ortishi kutilmoqda.
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy hozirda yadro arseanallari soni bo‘yicha 350 ta yadro kallaklari bilan Rossiya Federatsiyasi va AQSHdan keyin uchinchi o‘rinda turadi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi