Xitoy va Rossiya qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi
Olam
−
09 Sentabr
3177Sentyabr oyi oxirigacha Xitoy va Rossiya “Shimol-2024” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Bu haqda Xitoy Mudofaa vazirligi bugun, 9 sentyabr kuni ma’lum qildi.
“Mashg‘ulotlarning maqsadi ikki mamlakat Qurolli kuchlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va xavfsizlikka tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish qobiliyatini mustahkamlashdan iborat bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, har ikki mamlakat harbiy-dengiz kuchlari va harbiy aviatsiyasi Yapon dengizi va Oxotskdagi Rossiya qirg‘oqlari oldidagi manyovrlarda ishtirok etadi. Ular doirasida “Tinch okeanining muhim dengiz hududlariga” qo‘shma dengiz patruli yuboriladi.
Bundan tashqari, XXR Rossiyaning “Okean-2024” strategik mashqlarida ishtirok etadi. Ularning aniq sanasi ma’lum emas.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida Rossiya va Xitoy iqtisodiy, diplomatik va mudofaa sohalarida hamkorlikni kuchaytirib, G‘arbga qarshi “chegarasiz” sheriklik va hamjihatlikni e’lon qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Xitoyning Chjantszyan port shahri qirg‘oqlari yaqinida ikki davlat suvda va havoda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
NATO, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va boshqa davlatlar Xitoy rahbariyatini Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy agressiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qiladi. Pekin bunga javoban Shimoliy Atlantika alyansini “qarama-qarshilikni qo‘zg‘atmaslikka” chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida “Dengiz hamkorligi-2024” rus-xitoy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan, Rossiyaning “Gromkiy” va “Rezkiy” korvetlari hamda Xitoyning “Dali” va “Xenshuy” fregatlari, “Yinchuan” esminetsi hamda “Veyshanxu” universal ta’minot transporti ishtirok etgandi. O‘tgan oyda esa AQSH va Janubiy Koreya qo‘shinlari mudofaani mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
LiveBarchasi